KO’HI QOF

KO’HI QOF — o’zbek ertak, doston va boshqa og’zaki ijod namunalarida afsonaviy tog’ nomi. Rivoyatlarga ko’ra, Ko’hi Qof dunyoning bir chetida bo’lib, unga eng jasoratli pahlavongina yetib bora oladi. Parilar yashaydigan Iram bog’i ham shu yerda. U yerda Semurg’ va Anko yashaydi. Go’ro’g’li, Anaz singari xalq qahramonlari balo tog’idan o’tib, devlarni yengib, Ko’hi Qofga yetib borganlar. Eron mifologiyasiga ko’ra, Ko’hi Qof — Semurg’ makoni. Shuningdek, Ko’hi Qof Kavkaz tog’larining ramziy tasavvuri, degan tushuncha ham mavjud. «Gap desang qop-qop, ish desang Ko’hi Qofdan top» degan o’zbek xalq maqolida Ko’hi Qofning haddan ziyod olisda ekanligiga ishora qilingan.