FAKSIMIL ALOQA
FAKSIMIL ALOQA, fototelegraf — yassi qo’zg’almas tasvirlar (jadvallar, rasmlar va harfliraqamli matnlar) ni uzoq masofaga uzatish va qabul punktida paydo qilish; elektr aloqaning bir turi. Telefaf aloqa tarkibiga kiritiladi. Simlar orqali yuboriladigan elektr signallar va radiosignallar yordamida amalga oshiriladi. Fototelegrammalarni joylarga uzatishda, meteorologik stansiyalar orasida Gidrometeorologiya xaritalarini almashinishda va boshqa hollarda Faksimil aloqa vositalaridan foydalaniladi. Qo’zg’almas tasvirni uzoq masofaga uzatish g’oyasini italyan fizigi J. Kazelli 1855 yilda amalga oshirdi. 20-asr 20-yillarida fotoeffekt hodisasi, elektron lampalar, elektr tebranishlari kuchaytirgichlari paydo bo’lganidan so’ng Faksimil aloqa rivojlana boshladi. Dastlab Faksimil aloqa orqali faqat fototelegrammalar uzatilgan va fototelegraf aloqa deb atalgan. 50-60-yillardan boshlab xaritagrafiya materiallari va gazeta sahifalari ham uzatila boshladi. Telefoniya va telegrafiya bo’yicha xalqaro maslahatlashuv qo’mitasi (MKKTT) ning tavsiyasiga ko’ra, 1953 yilda umumiyroq nom bilan, ya’ni Faksimil aloqa deb atala boshladi. Faksimil aloqa faksimil apparat yordamida amalga oshiriladi. Bu apparat mexanik, yorug’lik optika va elektron qurilmalar majmuidan iborat. U uzatuvchi, qabul qiluvchi va qabul qiluvchiuzatuvchi turlarga bo’linadi. Uning yordamida yassi qo’zg’almas ob’yektlar (originallar) elektr aloqa liniyalari orqali uzatiladi va ob’yektning nusxasi (faksimil) tarzida qabul qilinadi. Faksimil aloqada bajariladigan amallar: faksimil apparat uzatkichida uzatish ob’yekti (original) sirtini muayyan alomatlari (masalan, optik zichligi) bo’yicha bir xil bo’lgan kichik-kichik yuzachalarga bo’lib chiqish; shu yuzachalar tasvirini elektr impulslariga aylantirish; shu impulslarni aloqa liniyasi bo’yicha uzatish; qabul qilgichda bu impulslarni tasvirga aylantirish va qayd qilish. Uzatiladigan ob’yekt (rasm, matn va boshqalar) ning nusxasi (faksimil) shu tariqa hosil qilinadi. Tasvir nusxasi fotoqog’oz, fotoplyonka, elektrografik, elektrokimyoviy, elektrotermik qog’oz yoki oddiy yozuv qog’oziga, ferromagnit material va boshqalarga qayd qilinadi.