FALSAFA

FALSAFA, filosofiya — insonning dunyoda tutgan o’rni va dunyoqarashining yaxlit tizimini ifodalovchi ma’naviy faoliyatining bir shakli. Milodiy 2-3-asrlarda o’tgan yunon faylasufi Diogen Laertskiyning shohidlik berishicha, yunon mutafakkiri Pifagor birinchi bo’lib o’zini «filosof» deb atagan. Bu so’z Geraklitning falsafiy ta’limotida narsalarning tabiatini tadqiq etishga nisbatan qo’llanilgan, tadqiqotchining o’zi esa «filosof» deb atalgan. Keyinchalik «filosof» so’zi har taraflama, keng, tushunarli va haqqoniy fikr yuritishga intiluvchi kishiga nisbatan qo’llanilgan. Tarixiy ma’lumotlar yunoncha philosophia so’zi arabchaga «falsafa» bo’lib o’tganligi, arablar bu fanni «hikma» deb atashi, ruschaga «filosofiya» tarzida o’tganligini tasdiqlaydi, demak falsafa bilan filosofiya so’zlari bir xil ma’noga ega. Falsafaga haqiqatga eltuvchi ta’limot sifatida yondashgan sokratchilar maktabi vakillari nuqtai nazaridan karasak, «haqiqatga muhabbat», «haqiqatni sevish» degan ma’no kelib chiqadi. Falsafa haqida fan tarixida turlicha, hatto bir-biriga qarama-qarshi qarashlar mavjud. Falsafaga hamma fanlarning boshlanishi, olamning asl mohiyatini va universal qonunlarini ochuvchi fan deb yondashishdan tortib uni o’z tadqiqot ob’yekti va predmetiga ega bo’lmagan mavhum va o’ta umumlashgan, inson uchun foydasiz bilimlar majmui deb hisoblovchilar ham uchraydi. Insoniyat foydalanayotgan barcha bilimlar Falsafadan boshlanib, falsafiy xulosa bilan yakunlanadi. Falsafani fan darajasiga olib chiqqan Platon uni «mavjudlikni, mangulikni va doimiylikni bilish», Aristotel «narsalarning sabablari va asosiy tamoyillarini tadqiq etuvchi fan» deb bilgan, stoiklar uni nazariy va amaliy tafeilotlarga intilish deb, epikurchilar unga «aql vositasida baxtga erishish yo’li» deb qaragan. Forobiy Falsafani «hikmatni qadrlash» yoki fikrlash san’ati deb bilgan. O’rta asrlar xristian Falsafasida u «tabiiy aql nuri vositasida erishiladigan dunyoviy donolik» (teologiya esa ilohiylik nuri vositasida erishiladigan ilohiy donolik) deb ta’riflangan. F. Bekon va R. Dekart Falsafani «tushunchalar shakliga burkangan yaxlit, yagona fan» deb hisoblashgan. X. Volf Falsafani «barcha mumkin narsalar va ularning qay ma’noda va nega mumkinligi haqidagi fan» desa, Kant Falsafaga «dunyoni qanday tushunish haqidagi, butun bilishning inson aqlining tub maqsadlariga munosabati haqidagi fan» sifatida yondashishni taklif etadi. Fixte Falsafaga «qalb ma’rifati, ma’naviy ma’rifat» deb baho bergan bo’lsa, Shelling voqelikning butun kulami va teranligini o’z tajribasiga kura bilib olishni Falsafa deb hisoblangan. Gegel predmetlarni fikran qarab chiqishni Falsafa deb atab, unga «o’z-o’ziga ergashuvchi aql xaqidagi fan» sifatida ta’rif bergan. Shopengauer dunyoning butun mohiyatini abstrakt, yalpi umumiy va ravon shakldagi tushunchalarda ifodalash Falsafaning asosiy vazifasi deb bildi. Falsafaning tarkibiy qismlariga bilish nazariyasi (gnoseologiya), metafizika (ontologiya, kosmologiya, falsafiy antropologiya, mavjudlik Falsafasi, teologiya), mantik, etika, estetika, huquq Falsafasi, naturfalsafa, fan Falsafasi, tarix va madaniyat Falsafasi, siyosat Falsafasi, din Falsafasi, psixologiya va boshqalar kiradi. Bulardan tashqari, hozirgi zamon Falsafasida tibbiyot, tilshunoslik, musiqa, kibernetika va boshqa aniq fanlarning umummetodologik jihatlarini o’rganuvchi Falsafa yo’nalishlari vujudga kelmokda. Falsafaning dunyoqarashlik, gnoseologik, metodologik, sotsiologik, aksiologik, antropologik, mantiqiy, psixologik va mafkuraviy funktsiyasi bor. Falsafa tarixi — inson tafakkuri taraqqiyoti tarixidir. Falsafa tarixiga oid adabiyotlarda insoniyat tarixida Xitoy Falsafasi, hind Falsafasi, Yevropa Falsafasi ajratib ko’rsatiladi. Yirik diniy ta’limotlar sifatida hinduiylik Falsafasi, xristianlik Falsafasi, buddaviylik Falsafasi, Islom Falsafasini ko’rsatish mumkin. Ilk falsafiy ta’limotlar qadimgi Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va Yunonistonda paydo bo’lgan, keyin G’arb mamlakatlariga yoyilgan. Qadimgi Hindistondagi falsafiy maktablar 2 turga bulinib, biri vedalaraxm kelib chiqqan va ularga suyanuvchi maktablar (vedanta, yoga, vaysheshika, Nyaya, sankxya), ikkinchisi vedalarni rad etuvchi maktablar (jaynizm, buddizm, lokoyata) hisoblanadi. Qadimgi Xitoydagi dastlabki falsafiy ta’limotlar miloddan avvalgi 7-asrda vujudga kelgan. U Qadimgi Xitoy yozma manbalarida uchrab, bu manbalarga «qo’shiqlar kitobi», «Bahor va kuz» kabi qadimgi yodgorliklar va Konfutsiynnng «Aforizm»larini, daosizmni kiritish mumkin. Markaziy Osiyodagi falsafiy qarashlar qadimgi turkiy yozuvlar, Tangriga e’tiqod qilish tamoyillarida va zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestodya o’z ifodasini topgan. Bundan tashqari, Sharq xalqlarining tabiatning asosiy unsurlari yer, suv, havo va olovni e’zozlash haqidagi naturfalsafiy qarashlari va g’oyalari yaqin va O’rta Sharq mamlakatlariga keng yoyilib qadimgi Misr, Bobil, Lidiya mamlakatlari xalklarining tafakkur tarziga singib ketgan. Yunonistonning ilk falsafiy maktabi — Milet maktabi ham o’z g’oyalarini Sharqdan olganligi tadqiqotchilarga ma’lum. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda Marv, Balx, Termiz, Sig’noq, Samarqand, Buxoro zaminini o’ziga qamrab olgan hududda Kushonlar saltanati qaror topib, unda budda dini hukm suradi, uning falsafasi bu joyda yashovchi xalqning tafakkur tarziga o’z ta’sirini o’tkazadi. Ammo Avesto g’oyalari xalq ongidan butunlay chiqib ketmaydi. Milodiy 3-asrga kelib tenglik g’oyalarini ilgari suruvchi moniylik ta’limoti paydo bo’ldi. Bu ta’limot mazdakiylar harakatining ma’naviy tayanchi bo’lgan. Yunonistondagi falsafiy maktablar, asosan, miloddan avvalgi 6-5-asrlardan vujudga kela boshladi va uning taraqqiyot bosqichlari klassik ellinizm va rimellinizm davrlariga bo’linadi. Ellinistik Falsafa davri Sokratgacha davr (Milet maktabi, Eleya maktabi) va klassik (attik) Falsafani (Sokrat, Platon, Aristotel) o’z ichiga oladi. Sokratgacha davr Falsafasi kosmologik (gilozoistik) Falsafa va antropologik davrlarni o’ziga qamrab oladi. Dastlabki kosmologik falsafiy ta’limot Falesga tegishli. U Anaksimandr, Anaksimen, Ferekid, Diogen bilan birgalikda Ioniya naturfalsafa maktabiga mansub. Ulardan so’ng borliq haqidagi ta’limot bilan Ksenofan, Parmenid, Zenon (Eleyalik), Meliss shug’ullanganlar. Ular bilan birga Pifagor maktabi (Pifagor, Fillolay, Alkmeon, arxit; miloddan avvalgi 6-4-asrlar) faoliyat ko’rsatgan. Bu davrda antropologik sofistika maktabi vakillari Protagor, Gorgiy, Gippiy, Prodik ijod qilishgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda stoiklar (Zenon Kitionlik), epikurchilar (Epikur, Lukresiy), neoplatonchilar (Plotin) yunon Falsafasiga o’z hissalarini qo’shishgan. Ayniqsa, Sokrat, Platon, Aristotel Falsafasi yunon Falsafasining shuhratini oshiradi. Yunon Falsafasidagi asosiy qarashlar Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Makduniy)ning Sharqqa istilochilik yurishlari davrida Markaziy Osiyoga ham kirib keldi. Islom dini yoyilgan mamlakatlardagi falsafiy ta’limotlar quyidagicha o’rganiladi: ilk Islom Falsafasi (6-8-asrlar), Sharqiy Islom Falsafasi (Movarounnahr va Xurosondagi falsafiy ta’limotlar), g’arbiy Islom Falsafasi (shimoliy Afrika va Ispaniyadagi falsafiy ta’limotlar). Ilk Islom Falsafasi davri yunon Falsafasining Arab va suryoniy tillariga tarjima etilishi, bu tarjimalarda yahudiylik va xristianlik aqidalarining ustuvorlik qilishi bilan ajralib turadi. Bu davrda islomdagi jabariylar bilan qadariylar, mo’taziliylar bilan mutakallimlar o’rtasida falsafiy qarama-qarshiliklar bo’lgan. Sharqiy Islom Falsafasida dunyoviy va Islomiy g’oyalarning, turli xalq va tsivilizasiyalarning tafakkur tarzi sintezlashgan. Shuningdek, tabiatshunoslik ilmlaridagi yirik kashfiyotlarni (masalan, kimyo ilmining vujudga kelishi) falsafiy asoslash, hisoblash madaniyatining tubdan o’zgarishi (Xorazmiy sistemasi) bilan bog’liq belgilar kuzga tashlanadi. Sharqiy Islom Falsafasi (Muso Xorazmiy, Farg’oniy, Kindiy, Abu Bakr Roziy, Abu Mansur Moturidiy, Ash’ariy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Yusuf Xos Xojib, Umar Xayyom, G’azoliy, Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Faxriddin Roziy, Bahouddin Naqshband, Ibn Xaldun va boshqalar) va g’arbiy Islom Falsafasi (Ibn Tufayl, Ibn Boja, Ibn Rushd) faylasuflarining musulmon olimlari tomonidan qayta ishlangan, tarjima qilingan asarlarining Yevropaga qayta taqdim etilishi bu yerda Uyg’onish davrining boshlanishiga ta’sir ko’rsatgan. Falsafaning keyingi ravnaq topishi Markaziy Osiyoda Temuriylar davri bilan boshlanadi. Amir Temur falsafiy g’oyalarning mamlakat istiqboliga xizmat qilishini bilgan holda ilm-fan ravnaqiga rahnamolik qildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda tasavvuf Falsafasi, tabiatshunoslik Falsafasi, mantiq Falsafasi va axloqiy ta’limotlar rivojlandi (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Jaloliddin Rumiy, Taftazoniy, Jurjoniy, Ulug’bek, Xoja Ahror, Fuzuliy, Nasimiy, Jomiy, Navoiy, Muhammad qozi, Maxdumi A’zam, Bobur, Mashrab, Bedil va boshqalar). Shuni qayd etish lozimki, Islom Falsafasi o’zidan ilgari o’tgan barcha dinlar bilan bog’liq ilmiy an’analarni qabul qilgan. Islom Falsafasi rivojiga iudaizm, xristianlik, buddizm va boshqa diniy ta’limotlar ta’sir ko’rsatgan. Yevropa Falsafasi esa o’zidan oldingi barcha falsafiy fikrni ilmiy bilimlarni jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish bilan bog’lagan. To’g’ri, Yevropadagi diniysxolastik falsafiy g’oyalar jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir qildi. Lekin, Arab olimlarining tarjimalari tufayli antik davr fani va Falsafasi, qadriyatlarini qo’lga kiritgan yevropalik olimlar jamiyatni bamisoli qayta uyg’otishdi. Yevropa Falsafasi sxolastik davri, Uyg’onish davri, yangi davr va nemis klassik Falsafasi davrlariga bo’linadi. Sxolastika davri sxolastika ravnaqi (Buyuk Albert, Foma Akvinskiy, R. Bekon) va sxolastika inqirozi (Dune Skot, tomizm, u. Okkam) davrlariga bo’linadi. Uyg’onish davrida italyan gumanizmi, reformasiya, tabiatshunoslik Falsafasi, ijtimoiy xayoliy nazariyalar ilgari surilgan. Yangi davrda F. Bekon, R.Dekart, T. Gobbs, J.Lokk, Spinoza, Leybnis, X.Volf, J.Berkli, D.Yum, gt.Beyl, Sh.Monteske, Volter, Russo, D.Didro, D’Alamber, J.Lametri, P.Golbax va boshqa faylasuflar ijod qilishgan. Nemis klassik Falsafasi Gerder, Kant, Fixte, Shelling, Gegel, Feyerbax nomlari bilan bog’langan. Falsafa tarixidagi falsafiy maktab va oqimlar o’zlari ilgari surayotgan falsafiy g’oyaning mazmuniga qarab quyidagi yo’nalishlarga bo’linadi: empirizm va rasionalizm, nominalizm va realizm, materializm va idealizm, skeptisizm va antiskeptisizm, agnostisizm va antiagnostisizm, dogmatizm va relyativizm kabilar. 19-20-asrlardagi falsafiy oqimlar: Shopengauer Falsafasi, O.Kont pozitivizmi, marksizm, empiriokritisizm, neokantchilik, F. Nisshening hayot Falsafasi, pragmatizm, neopozitivizm, postpozitivizm, neotomizm, freydizm, ekzistentsializm, germenevtika, strukturalizm, relyativizm, konstruktiv empirizm, fenomenalizm va boshqalar 21-asrga kelib har bir mintaqa, davlat va millatning tafakkur tarzini o’zida ifoda etuvchi falsafiy maktab va oqimlarning shakllanishidan tashqari jahondagi ijtimoiy jarayonlarning keskin va jadal o’zgarib borishi, global miqyosga ko’tarilishi umumjahon miqyosidagi falsafiy muammolarni hal etish zaruriyatini tug’dirmoqda. Bunday muammolar sirasiga ijtimoiy taraqqiyotning globallashuvi, tinchlik va urush muammosi, ekologik, energetik muammolar, xom ashyo, oziq-ovqat va chuchuk suv muammolari, demografiya, sog’liqni saqlash, axborotlar muammosi, ma’rifat va ma’naviyat tanqisligi muammosi va boshqalar kiradi. Bu muammolarni yechish yo’llarini ko’rsatish va tahlil etish 21-asr Falsafasining dolzarb vazifasidir. O’zbekiston Falsafasi Sharq Falsafasining tarkibiy qismi, o’zbek xalqining o’ziga xos bo’lgan tafakkur tarzining namoyon bo’lishidir. Uning tarixiy ildizlariga qadimgi Turon va Turkistondagi xalq og’zaki ijodiga oid hikmatlar, dostonlar, maqol va rivoyatlar, mutafakkirlarning falsafiy asarlari, Avestodagi ezgulik g’oyalari, tariximizda o’tgan moniylik, mazdakiylik, buddaviylik, yahudiylik, xristianlik dinlaridan kirib kelgan hikmatlar, Islom Falsafasi, Islomning muqaddas kitoblari, tasavvuf Falsafasi, moturidiylik ta’limoti, sunniylik oqimi, kubroviylik, yassaviylik, Naqshbandiya tamoyillari, vatanparvarlik goyalari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar kiradi. Bu Falsafa jahon falsafiy merosi durdonalaridan oziq oladi. O’zbekiston Falsafasi o’zbek xalqining tafakkur tarzi sifatida 20-asrda shakllandi. Unda O’zbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillari ishtirok etishgan. Uning namoyandalari Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Cho’lpon, Abdulla Krdiriy, Ishoqxon ibrat, So’fizoda va boshqalar Sharq Falsafasi an’analarini, milliy-ma’naviy, axloqiy-ma’rifiy qadriyatlarni sho’rolar davrida ham saqlab qolish va rivojlantirishga intilyshdi, lekin bu intilishlar ularning kommunistik tuzum qurboniga aylanishiga sabab bo’ldi. Sovet tuzumini yoqlagan ilm sohiblarigina qatag’onlardan omon qolishdi. S.Ayniy va Z. V. To’g’onlarning Falsafa tarixiga oid bir qancha maqolalari bosilib chiqdi. Sovet davrida Falsafa fani chuqur mafkuraviy inqirozga uchragan, kommunistik tuzumning xizmatkoriga aylantirilgan edi. Yozuvning Arabcha grafikadan lotin grafikasiga, undan kirillcha grafikaga o’tkazilishi milliy fan va Falsafa taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Naim Sayd, K. Erzin, Hakim Ne’mat, R. Xolmurodov (Mallin) singari olimlar Falsafa sohasida faoliyat ko’rsatdilar. 2-jahon urushi davrida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tashkil etilishi ijtimoiy fanlar, xususan, Falsafa fani taraqqiyotiga turtki berdi. Bu davrda S. Valiev, J.M.Boboev, H.G’.Rasulov, al.Ayupov, S.Azimov, I.Mo’minov, V. Zohidovlar Falsafa faniga sezilarli hissa qo’shishdi. O’zbekistonda Falsafa tarixi (V.Zohidov, M.M.Xayrullaev, M. Baratov, h.F.Vohidov, A.Sharipov), tabiatshunoslik Falsafasi va bilish nazariyasi (O.Fayzullayev, B.Ismoilov, J.Tulenov, K.Ivanova, M.Abdullaeva), mantiq (M.Xayrullaev, K.Haqberdiev, M.X.Nurmatov, L.E.Garber), madaniyat Falsafasi (K. Sodtshov, S.Shermuhamedov, N.G’oyibov), din (S.Azimov, A. Ortiqov, M.A.Usmonov, J.Bozorboev), axloq (Y. Jumaboyev, Xaliqulov, X.Shayxova), ijtimoiyf.va siyosatshunoslik (E.Yusupov, R. Abdushukurov, K.Valiyev, h.Pulatov, S.Tursunmuhamedov, Q.Xonazarov) yo’nalishlari bo’yicha tadqiqotlar olib borildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, Falsafa fani oldida uni kommunistik mafkura asoratlaridan tozalash, jamiyat taraqqiyotining qonuniyatlarini falsafiy tahlil etish, milliy istiqlol g’oyasining ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish, respublikada shakllanayotgan huquqiy, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanish xususiyatlarini ochib berish kabi vazifalar paydo bo’ldi. O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov 1998 yilda «tafakkur» jurnal bosh muharririning savollariga bergan javobda yangi jamiyatni bunyod qilishda milliy mafkura va u tayanadigan milliy Falsafaning roliga katta baho berar ekan, g’oyaga qarshi faqat g’oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish kerakligini ta’kidladi. Hozirgi davrda respublika faylasuflari oldida ijtimoiy voqelikning qonuniyatlarini tadqiq etish, mamlakatning istiqboli uchun xizmat qiluvchi g’oyaviy zaminni yaratishdek muhim vazifalar turibdi. O’zbekistonda Falsafa bo’yicha ilmiy tadqiqotlar oliy o’quv yurtlari Falsafa kafedralarida, falsafa va hukuq institutida olib boriladi. O’zMUda Falsafa fakulteta mavjud. Respublikada O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati faoliyat ko’rsatmokda. Falsafaga oid ilmiy tadqiqotlar «O’zbekistonda ijtimoiy fanlar» (O’zbekiston Fanlar Akademiyasi nashri), «falsafa va huquq» (O’zbekiston Fanlar Akademiyasi falsafa va huquq instituti, O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyatining nashri), «tafakkur» jurnallarida chop etiladi. Ad.: Forobiy, Fozil odamlar shahri, T., 1993; Mo’minov I. M. O’zbekistondagi tabiiyilmiy va ijtimoiyfalsafiy tafakkurtarixidan lavhalar, T., 1998; Klassicheskaya Nauka Sredney Azii i Sovremennaya mirovaya tsivilizasii, T., 2000; Diogen Laerte kiy, o jizni, ucheniyax i izrecheniyax znamenitix filosofov, M., 1979. Baxtiyor To’raev.