FIBRIN

FIBRIN (lotincha fibra — tola) — erimaydigan oqsil; qon ivishi jarayonida fibrinogentsan hosil bo’ladi. Fibrin silliq yoki ko’ndalang chiziqli tolalar shaklida bo’ladi; Fibrin tolalari polimerlanib, qon oqishini to’xtatadigan tromb asosini hosil qiladi. Fibrin hosil bo’lishi 3 bosqichdan iborat: 1) fibrinogendan trombin ta’sirida ikkita A va B peptidi ajralib, disulfid bog’lari bilan bog’langan ikkita subbirlikdan iborat fibrinmonomer hosil bo’ladi; 2) fibrinmonomer fibrinagregatga (quyqaga) aylanadi; 3) fibrinagregat fibrinoligaza fermenti ta’sirida fibrinpolimerga aylanadi. Qon tomirlar shikastlanganda Fibrin qalin to’r hosil qilib, qonni to’xtatadi. Tozalanib quritilgan qon quyqasidan Fibrin olinadi. Fibrindan qon oqishini to’xtatuvchi vositalar tayyorlanadi.