YANGI ZELANDIYA

YANGI ZELANDIYA — Tinch okeanning Janubiy g’arbiy qismidagi davlat. Maydoni 268,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,994 million kishi (2004). Poytaxti — Vellington shahri ma’muriy jihatdan 10 Provintsiya (rgoutse)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Yangi Zelandiya — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiruvchi parlamentar monarxiya. Buyuk Britaniya parlamenti va asosan, Yangi Zelandiya parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga amal qilinadi. Davlat boshlig’i — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan general-gubernator davlatni boshqaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament — vakillar palatasi, ijrochi hokimiyatni general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Yangi Zelandiya Kuk bo’g’ozi orqali ajralib turgan shimoliy va Janubiy Orollarda joylashgan. Yangi Zelandiyaga tinch okeandagi bir qancha mayda orollar ham kiradi. Mamlakatning 3/4 qismi tog’, qir va tepaliklar bilan band. Sohili va Daryo vodiylari pasttekislik. Shimoliy Orolda tez-tez zilzila bo’lib turadi, so’nmagan vulkanlar, geyzerlar, qaynoq mineral buloqlar bor. Janubiy orolda Janubiy Alp tog’lari joylashgan (eng baland joyi 3764 metr — Kuk tog’i; cho’qqilarda abadiy qor va muzliklar bor). Shimoliy Orol qirg’og’i yaqinidagi shelfda neft, gaz, temir, mis, polimetall rudalari, oltin, ko’mir konlari bor. Iqlimi subtropik dengiz iqlimi, chekka Janubda mo’tadil iqlim. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimolda 12°, Janubda 5°, yanvarniki shimolda 19°, Janubda 14°. O’rtacha yillik yog’in 400-700 millimetr, tog’yon bag’irlarida 2000-5000 millimetr. Daryolari sersuv, g’idroenergiya zaxirasiga boy. Eng yirik daryosi — Uaikato (uzunligi 354 kilometr). Ko’l ko’p: eng yirigi — Taupo (maydoni 612 kilometr kvadrat). Yangi Zelandiyada sariq, qoramtir va kashtan tuproq, tog’larda tog’o’rmon, tog’o’tloqi tuproqlar tarqalgan. O’rmon, asosan, baland tog’larda saqlanib qolgan (mamlakat hududining 23%). O’simlik turlarining 75% dan ziyodi endemik. Paporotnik, daraxtsimon epifit va lianalar, mahalliy daraxt turlari (kauri, Namaki, rimu, tarairo va boshqalar) ko’p. Hayvonot dunyosi kambag’al. Sut emizuvchilardan kalamush, it, ko’rshapalaklar, sudralib yuruvchilardan tuatara, qushlardan pingvin, nayburun, chag’alay va boshqalar ko’p. Uchmaydigan qushlardan kivi, ueka, moa va uchadigan moyqut, chittak, chug’urchiq bor. So’nggi 100 yil davomida hayvonot dunyosi bug’u, Serna, tulki, quyon va boshqalar hisobiga ancha boyidi. Yangi Zelandiyada 10 milliy bog’ (Mauntkuk, Tongariro, Fordlend va boshqalar), 2 dengiz parki, ko’plab rezervatlar bor. Aholisining asosiy qismi yangi Zelandiyaliklar; ular yangi zelandiyalik inglizlar va maorilar (15%) ga bo’linadi. Bundan tashqari, polineziyaliklar, ingliz, shotland, irland, Xitoy, hind va boshqalar xalklar ham yashaydi. Rasmiy tillar — ingliz va Maori tillari. Dindorlarning aksariyati — protestantlar. Shahar aholisi 85%. Yirik shaharlari: Vellington, Oklend, Kraystcherch. Tarixi. Yangi Zelandiyaga 10-14-asrlarda Maorilar kelib joylashgan. Yevropaliklardan birinchi marta 1642 yil Gollandiyalik dengizchi A.Tasman borgan. 1769— 70 yillarda ingliz dengizchi sayyohi J.Kuk orollarni tadqiq qilgan. 19-asr ning boshlarida yevropaliklarning dastlabki aholi punktlari paydo bo’ldi. Ayni vaqtda maorilarga tegishli yerlarni bosib olish jarayoni boshlandi. 1840 yil dastlabki ingliz muhojirlari Vellington shahrini barpo etdilar. 1840 yildan Angliya Yangi Zelandiyani o’z mustamlakasiga aylantirdi. 1843 yil maorilarning ingliz mustamlakachilariga qarshi qurolli qo’zg’oloni boshlandi. 1872 yilga kelib maorilarning qarshiligi to’la bostirildi. 1907 yil Yangi Zelandiya dominion maqomini oldi. 1-jahon urushi (1914-18)da Yangi Zelandiya Buyuk Britaniya tomonida bo’ldi. Urushdan so’ng Yangi Zelandiya Germaniyaning sobiq mustamlakalari bo’lgan G’arbiy Samoa va Nauruni Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda boshqarish uchun mandat oldi. 1926 yilgi imperiya konferentsiyasi va 1931 yilgi Vestminster statuti bilan tasdiqlangan qarorlar asosida Yangi Zelandiya tashqi va ichki ishlarda to’la mustaqillikka ega bo’ldi. Ammo 2-jahon urushi (1939-45) gacha Buyuk Britaniya Yangi Zelandiyaning barcha tashqi aloqalarini nazorat qilib turdi. 2-jahon urushida Yangi Zelandiya antifashistik koalitsiya tomonida bo’ldi. 1930-yillardan hokimiyatni navbatma-navbat Milliy partiya va Leyboristlar partiyasi egallab kelmoqda. Yangi Zelandiya 1945 yildan BMTa’zosi. 1992 yil 19 martda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 6 Fevral — Vaytanga kuni (1840). Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Umumiy kelajak partiyasi, 2002 yil tuzilgan; Leyboristlar partiyasi, 1916 yil asos solingan; Yangi Zelandiya milliy partiyasi, 1936 yil tashkil etilgan; Yangi Zelandiya demokratik partiyasi, 1954 yil tuzilgan; Sotsialistik birlik partiyasi, 1993 yil tashkil etilgan; taraqqiyparvar koalitsiya, 2002 yil tuzilgan. Yangi Zelandiya kasaba uyushmalari kengashi, 1987 yil asos solingan. Xo’jaligi. Yangi Zelandiya — qishloq xo’jaligi yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik 9%, sanoat 25%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 66% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligining asosi — sut, go’sht va go’shtjun chorvachiligi. 47,5 million qo’y, 9 million qoramol boqiladi. Yangi Zelandiya sariyog’, go’sht, jun va pishloq eksport qilish bo’yicha dunyoda oldingi o’rinlarda turadi. Yem-xashak ekinlari, bug’doy, arpa, suli, dukkakli don ekinlari, sabzavot ekinlari ekiladi. Meva, jumladan, kivi yetishtiriladi. Bog’dorchilik (tsitrus mevalar, olma, nok, shaftoli, gilos). tokchilik rivojlangan. Baliq va kit ovlanadi. O’rmonda yog’och tayyorlanadi. Sanoatida oziq-ovqat va yengil sanoat rivojlangan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz, kimyo, to’qimachilik sanoati korxonalari mavjud. Alyuminiy, plastmassa, o’g’it, tsement, chinni zavodlari bor. Kon sanoatida tabiiy gaz, temir rudasi, mis, qo’rg’oshin, rux, oltin, kumush, qo’ng’ir va toshko’mir, titanmagnetit qumi qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 32,4 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Transportida dengiz transportining ahamiyati katta. Yirik portlari: Vellington, Oklend, Littelton. Temir yo’llar uzunligi 3,9 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 92 ming kilometr. Vellingtonda xalqaro aeroport bor. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — yangi Zelandiya dollari. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Ta’lim 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy va bepul. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. O’qish muddati boshlang’ich maktablarda 6 yil, oraliq maktablarda 2 yil, 8 yillik maktab (boshlang’ich va oraliq)dan keyingi bosqich o’rta maktab (o’qish muddati 3 yil). Kollej va oliy o’quv yurtlarida o’qish pulli. Mamlakatda 7 universitet va texnika institutlari bor. Universitetlar Oklend, Kraystcherch, PalmerstonNort, Danidin, Vellington, Gamiltonda joylashgan. Ilmiy tadqiqotlar mamlakatning oliy ilmiy muassasasi — Yangi Zelandiya Qirollik jamiyati (1867 yil tashkil etilgan, turli shaharlarda 50 ga yaqin bo’lim va filiallari bor), ilmiy va industrial tadqiqotlar departamenti (1926), pedagogik tadqiqotlar kengashi (1933), yangi Zelandiya nafis san’at akademiyasi, Karterov rasadxonasi, hammasi — Velington shahrida, Danidin shahridagi tibbiy tadqiqotlar kengashi (1950), Vellingtondagi iqtisodiy tadqiqotlar instituti (1958), Kraystcherchdagi geofizika va astronomiya rasadxonasida olib boriladi. Vellingtonda Milliy kutubxona (1966), Oklend (1880), Kraystcherch (1859), Vellington (1893) shahrilarida kutubxonalar, milliy muzey kutubxonasi bor. Muzeylari: Vellingtondagi milliy muzey (1865), Milliy badiiy galereya (1936), Danidin, Kraystcherch, Oklend shahrilaridagi muzeylar, Oklenddagi badiiy Galereya, transport va texnika muzeyi va boshqalar Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Yangi Zelandiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: «Dominion» (kundalik gazeta, 1907 yildan), «Ivning post» («kechki pochta», kechki kundalik gazeta, 1865 yildan), «Nyu Zilend Gerald» («yangi Zelandiya xabarchisi», kundalik gazeta, 1863 yildan), «Nyu Trus» («Yangi haqiqat», haftalik gazeta, 1904 yildan), «Otago Deyli Tayms» («Otago provintsiyasi kundalik vaqti», kundalik gazeta, 1861 yildan), «Press» («matbuot», kundalik gazeta, 1861 yildan), «Soushelist politiks» (jurnal). Nyu Zilend Press Assoshieyshn, yangi Zelandiya kundalik gazetalarning kooperativ birlashmasi, 1879 yil asos solingan. «Radio Nyu Zilend» radiosi 1936 yil, «Televiji Nyu Zilend» televideniyesi 1960 yil tashkil etilgan. Adabiyoti 19-asr o’rtalaridan ingliz tilida rivojlanmoqda. 19-asr o’rtalarida va undan keyingi vaqtlardagi yozuvlarda maorilarning boy folklori (afsona, rivoyat, qo’shiq, maqol) saqlangan. Dastlabki yangi Zeland adabiyoti asarlari ingliz adabiyoti an’analari asosida barpo etildi. 19-asrning 50— 80-yillaridagi shoirlar A.Domett va T.Brekken asarlari romantik yo’nalishda yaratildi, U.Golder va J.Barr she’riyatida erksevarlik ruhi namoyon bo’ldi. M.E.Barker, J.Uayt, J.G.Uilson kabi adiblar o’z asarlarida mustamlakachilik davrini aks ettirdilar. 19-asrning 90-yillari oxiri — 20-asr boshlarida adabiyotda milliylikning o’ziga xos belgilari paydo bo’ldi. Bunda Yangi Zelandiya hayotidagi ijtimoiy va irqiy masalalar o’z aksini topdi. 19-asrning 90-yillaridan U.Pember, J.Makkey va boshqalarning ijtimoiy adolatsizlikka qarshi qaratilgan she’rlari, J.Veston, G.V.Vogel, J.Shamer, U.Satchell romanlari, A.A.Greys, U.Bok va boshqalarning hikoyalari, 20-asr boshlarida K.Mensfildning ruhiy novellasi yaratildi. 20-asrning 30-40-yillarida adabiyot jahon iqtisodiy bo’hronini, mehnatkashlarning o’z huquqlari uchun kurashini aks ettirdi. J.A.Li, R.Xayd, F.Sarjeson romanlari, R.A.K.Meyson, D.Glover, A.Kernou she’rlari shu mavzuga bag’ishlandi. 50-yillardan she’riyatda axloqiy-falsafiy muammolar yetakchi o’ringa chiqdi (J.Bakster, A.Kempbell va boshqalar). 1940-60-yillarda D.Ballantayn, L.Devin, N.Xilliard va boshqalarning realistik romanlari paydo bo’ldi. Bu davrda M.Shedbolt, B.Mitkaf va boshqalar novella janrida ijod qildilar. Ayrim yozuvchilar ijodida (J.Freym romanlarida) modernizm ta’siri yaqqol namoyon bo’ldi. 1970-yillarda adabiyotga Maori yozuvchilari — V.Iximaer va X.Tuvare kirib keldilar. Yangi Zelandiyada K.Mensfild romanlari, A.P.Gaskell, M.Daggan, X.Shouning psixologik novellalari mashhur. Me’morligi va tasviriy san’ati. Ingliz mustamlakachilari kelgunga qadar maorilar to’g’ri burchakli, ikki nishabli tomi o’tlar bilan yopiladigan yog’och uylardan iborat qishloqlarda yashagan. 19-asrning 2-yarmidan aniq reja bilan (Kraystcherch, Oklend) yoki tabiat manzarasi bilan uyg’unlashtirib qurilgan (Vellington) shaharlar qad ko’tara boshladi. Ma’muriy bino va ibodatxonalar avval neoklassisizm va neogotika uslubida, 20-asrning 20-30-yillari zamonaviy shakllarda qurildi. 1960-70 yillardan yangi qurilish materiallari va konstruktsiyalar qo’llanila boshladi. Bir qavatli uylar inglizlarnikiga o’xshatib qurilsa ham, o’ziga xos mahalliy xususiyatlarga ega. Maorilar san’atining qadimiy yodgorliklari — tosh va suyak o’ymakorligi, naqqoshlik va devoriy yozuvlardir. 19- asr oxiri — 20-asr boshlarida mahalliy rassomlik maktabi shakllandi (rassomlar G.Lindauer, Ch.F.Goldi, P. van der Velden, J.Neyrn, A.F. Nikoll, L.Mitchell, haykaltarosh R.O.Gross, FAfik E.Mervin Teylor va boshqalar). Rassomlar maorilar turmushi va mamlakat tabiatini tasvirladilar. Monumental rassomlik, haykaltaroshlik, shahar va industrial manzara rivojlanmoqda. Musiqasi. Maori xalqlarida marosim qo’shiq va raqslari rasm bo’lgan; epik, lirik, mehnat qo’shiqlari har doim nafosat bilan ijro etilgan. Musiqa asboblari: truba (Pu; chig’anoq, yog’och, qovoqdan yasaladi), fleyta turlari (porutu, uio, koauau), shaqildoq, hushtak, Gong, kastanet (tokere). Qo’shiqraqs san’atida tabiatdagi tovushlarga taqlid qilish keng tarqalgan. 19-asr boshlarida Yevropadan ko’chib kelgan (asosan, ingliz)lar san’ati rivojlandi. 19-asrda mahalliy va G’arbiy Yevropa musiqa an’analari negizida professional musiqa paydo bo’ldi. 19-asr oxirida dastlabki simfonik orkestrlar tuzildi. 20-asrda mahalliy san’atga qiziqish ortdi (A.Ngata boshchiligidagi yosh maorilar deb nomlangan harakat). Bir qancha folklor ansambllari, jumladan, Vellingtonda «Ngati Poneke» (Maori musiqachilari V.Guata, T.R.Karepa) ansambli tashkil etildi. 20-asr mamlakatdagi professional jamoalar orasida Yangi Zelandiya radiosi simfonik orkestri (1947), yoshlar orkestri (1959), Milliy opera (1954) va Milliy balet (1955) truppalari, kompozitorlardan G.Xill, D.Lilbyorn, D.Farkuaer, K.Smol, E.Lokvud mashhur. Teatri. 1930-yillarda opera va drama havaskorlari truppalari, 1950 yillarning boshida ko’chma professional truppalar («Nyu Zilend pleyers», «sautern Komedi pleyers», «Daunsteyj», «Komyuniti Arts servis tietr») paydo bo’ldi. 1960 yil professional yangi Zeland baleti vujudga keldi. Oklend shahrida yarim professional «Sentral tietr», Danidinda xususiy «Glob tietr» teatrlari ishlaydi. Rejissyorlar S.Birn, R.Barker, K.Ketkart, aktyorlar R.Stoun, D.Fermeyd, dramaturglar J.Bakster, J.Koppard, A.Kernou mashhur. Kinosi. 1898 yil dastlabki qisqa metrajli hujjatli film suratga olingan. 1912 yil Vellingtonda «Neeshenal film yunit» davlat kinostudiyasi tashkil etildi. 1-jahon urushi yillari (1914-18) harbiy xronika, 20-asrlarda, asosan, qisqa metrajli filmlar yaratildi. Badiiy kinematografiyaning asoschisi rejissyor R.Xeyuorddir [«Do’stlik yo’llari bo’ylab» (1936), «Maorilarni sevish» (1972) filmlari]. 1936 yil ingliz kinorejissyor J.Grirson yordami bilan bir qancha hujjatli filmlar yaratildi. Badiiy filmlardan «bardosh bera olmagan to’siq» (rejissyorlar R.Mayrams va J.O’shi), «testlar uchun suratchalar» (rejissyor D.Stivens), «Farzandlar qaytmoqda» (1980, rejissyor P.Monder) kabi filmlar diqqatga sazovor O’zbekiston — Yangi Zelandiya munosabatlari. Ikki davlat o’rtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yil 19 martda o’rnatilgan bo’lishiga qaramay, Yangi Zelandiyaning geografik jihatdan uzoqda joylashganligi mamlakatlar o’rtasidagi savdoiqtisodiy munosabatlarga o’z ta’sirini ko’rsatmoqda. 2004 yil yanvar — noyabrda O’zbekiston Respublikasi bilan bo’lgan tovar aylanmasi 210,2 ming AQSh dollarini, undan eksport 20,3 ming, import 189,9 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Yangi Zelandiya hukumati o’z mamlakatidagi oliy o’quv yurtlari magistraturasida ta’lim olish uchun o’zbekistonlik 4 talabaga moliyaviy yordam ko’rsatdi. Shuningdek, kam ta’minlangan oila ayollari ta’limi uchun Samarqand tadbirkor ayollar assosiaiiyasiga 5 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratdi.