YAKKABOG’ TUMANI

YAKKABOG’ TUMANI — Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Yakkabog’ tumani turli yillarda Shahrisabz, Chiroqchi, Qamashi tumanlariga qo’shilgan. Keyin yana ajratilgan. Shimoldan Chiroqchi, Shahrisabz, Sharq, G’arb va Janubdan Qamashi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 190 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Yakkabog’), 1 shaharcha (eski Yakkabog’), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Samoq, Sandal, Xiyobon, Chaydari, Esat, O’rta, Qayrag’och, Qishlik, Qo’shchinor) bor. Tuman markazi — Yakkabog’ shahri. Tabiati. Yakkabog’ tumani Qashqadaryo viloyatining Sharqiy qismida joylashgan. Hududining Sharqiy chekka qismlarida Hisor tizmasining, balandligi 2500 metrgacha bo’lgan, Janubiy g’arbiy tarmoqlari (Chaqchar, Beshnov, xontaxta) bor. Bu tog’lar g’arbga tomon pasayib, Qashqadaryo tekisliklari bilan qo’shilib ketadi. Tog’ etaklari adirlardan iborat. Tog’lardan ko’p Daryo va soylar oqib tushadi. Asosiy daryosi — Yakkabog’daryo (Qizildaryo) va uning irmoqlari (Cho’yanlisoy, tirnasoy). Iqlimi kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi—1°, eng past temperatura -25°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28,5°, eng yuqori temperatura 44°. Yillik o’rtacha temperatura 15°. Tumanning o’ziga xos relefi (g’arbga tomon pasayib borishi) hududga bahorikor dehqonchilik uchun yetarli nam tushishiga sharoit yaratgan. O’rtacha yillik yog’in 350 millimetrdan (tekislik qismida) 450 millimetrgacha, tog’lik qismida yog’in ko’proq. Yog’inning asosiy qismi (70%) bahor va qish fasllariga to’g’ri keladi. Suv sarfini tekislash maqsadida Daryo va soylarga to’gonlar qurib suv omborlari barpo etilgan. Qorabog’, No’g’ayli, Yangiqo’rg’on va boshqalar suv omborlari, Darxon, Beshariq, Xo’jailg’or, Qurjab ariqlari tumanning asosiy sug’orish shoxobchalaridir. Sug’orishda artezian quduqlari suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari, asosan, tipik bo’z tuproq, tog’larda qo’ng’ir bo’z tuproq. O’simlik dunyosi xilma-xil. Tekisliklarda, asosan, cho’l efemer o’simliklari, shuvoq, yantoq, sho’ra, archa, mevali yovvoyi daraxtlar (olcha, nok, olma, pista, do’lana, bodom va boshqalar), zarang, qatrang’i, zirk, itburun va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, quyon, qobon, ayiq, qoplon, bo’rsiq, kiyik; parrandalardan kaklik, bedana, to’rg’ay, qarg’a, chumchuq, qaldirg’och va boshqalar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush; Sudralib yuruvchilardan turli xil zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar; suv havzalarida sazan, laqka, marinka baliqlari yashaydi. Foydali qazilmalardan toshko’mir, kumush, qo’rg’oshin, mis, rux rudalari, neft bor. «Hisor qo’riqxonasi» mavjud. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, qozoq, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 146,2 kishi. Shahar aholisi 33,4 ming kishi, qishloq aholisi 156,6 ming kishi (2004). Xo’jaligi Yakkabog’ tumanida jami 2300 dan ziyod korxona, tashkilot va savdo shoxobchasi ishlab turibdi. Paxta tozalash, un tortish, «Sharobkonserva» zavodlari, Yakkabog’ to’qimachilik kombinati, MTP, qishloq xo’jalik mashinalarini ta’mirlash korxonalari, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, mikrofirmalar, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. O’zbekiston—Germaniya «Yakkabog’teks», O’zbekiston— Rossiya «alMa’ruf» qo’shma korxonalari, shirkat uyushmalari, jamoashirkat, fermer xo’jaliklari va boshqalar bor. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, g’allachilik, bog’dorchilik, chorvachilik, ipakchilik bilan shug’ullaniladi. Umumiy ekin maydoni 116,2 ming gektar. Shundan 18,7 ming gektar don ekinlari bilan. band. Shuningdek, paxta, sabzavot va kartoshka, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 44,4 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 24,4 mingga yaqin sigir), 45,9 mingga yaqin qo’y va echki, 44 mingga yaqin parranda, 1,5 mingdan ziyod yilqi boqiladi (2004). Yakkabog’ tumanidagi o’rmon xo’jaliklarida dorivor o’simliklar yig’iladi. 2004/05 o’quv yilidagi 107 umumiy ta’lim maktabida 53,8 ming o’quvchi ta’lim oldi. Litsey-internat, san’at maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (2200 talaba), kasb-hunar maktabi (400 o’quvchi) mavjud. 35 jamoat qutubxonasi, 6 klub muassasasi, madaniyat va istirohat bog’i bor. «Nozigul» folklor dastasi, «Dilnavoz» xalq ansambli faoliyat ko’rsatadi. Stadion, bolalar sport maktabi mavjud. 4 sanatoriy aholiga xizmat ko’rsatadi. 4 kasalxona, vrachlik tibbiy punktlar, poliklinika, 3 ambulatoriya, tug’ruqxona majmuasi va boshqalar tibbiy muassasalarda 337 vrach, shuningdek, o’rta tibbiy xodimlar ishlaydi. Tuman hududidan Qarshi — Kitob temir yo’l, Katta O’zbekiston trakti (Toshkent — Termiz) o’tadi. Tuman markazi (Yakkabog’shahri) bilan qo’shni tumanlar va qarshi shahri orasida Avtobuslar qatnaydi. Latif Erdonov.