YAMIN MUHAMMAD

YAMIN MUHAMMAD (1903.23.8, Savaxlunto, Sumatra — 1962.17.10, Jakarta) — indonez yozuvchisi va siyosiy arbobi. Yangi indonez she’riyati va dramaturgiyasi asoschilaridan. Indonez she’riyatiga sonet shaklini olib kirgan. 1919 yildan yoshlar harakati va bir qator radikal partiyalar faoliyatida ishtirok etgan. Indoneziyada mustaqillik e’lon qilingach (1945), parlament a’zosi, adliya va maorif vaziri. Asarlarida indonez xalqini milliy birdamlikka va mamlakatni qaytadan tiklashga da’vat etgan («Indoneziya — mening Vatanim» she’rlar to’plami, 1929; «Ken arok va Ken Dedes» dramasi, 1934 va boshqalar). Shekspir, Tagor asarlarini indonez tiliga tarjima qilgan. 2-jahon urushidan so’ng tarixiy, siyosiy va iqtisodiy mavzularda asarlar yaratgan. Ad.: Sikorskiy V., Indoneziyskaya literatura, M., 1965.