YASHIN
YASHIN, Komil Yashin (taxallusi; asl nomi Nu’monov Komil) (1909.25.12, Andijon — 1997.25.9, Toshkent) — shoir, dramaturg, publisist va jamoat arbobi. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1969), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1968), mehnat Qahramoni (1974). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1939). H. Nosirovaning turmush o’rtog’i. Leningraddagi o’rmon xo’jaligi institutida o’qigan (1925— 28). Andijon maktablarida o’qituvchilik qilgan (1928-30). Andijon viloyat va O’zbek musiqali drama teatrlarida adabiy emakdosh (1930-36), san’at ishlari bosh boshqarmasida boshliq (1946-49), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais (1958-80), «O’zbek tili va adabiyoti» jurnalida bosh muharrir (1969-80, jamoatchilik asosida). Adabiy faoliyati 1925 yildan boshlangan. Uning shu yillardan boshlab yozgan she’rlari «Quyosh» (1930), «kurash» (1931) va boshqalar to’plamlariga kiritilgan. Ayni paytda teatr san’ati bilan ham qiziqib, «kar quloq» (1926), «teng tengi bilan», «Lolaxon» (1927), «Quyosh» (1929) kabi bir pardali pyesa va instsenirovkalar yozgan. «Lolaxon» pyesasining Qori Yoqubov rahbarligidagi etnografik ansambl repertuariga kiritilishi (1927), ayrim pyesalarining Andijon teatrida sahnalashtirilishi (1929) Yashindagi teatr san’atiga bo’lgan maylni kuchaytirgan. Uning 30-yillar voqeligida kechayotgan murakkab jarayonlarni aks ettiruvchi «o’rtoqlar» (1930), «Yondiramiz» (1931), «ichkarida» (1933, 1935 yilda qayta ishlanib, «Gulsara» nomi bilan sahnalashtirilgan), shuningdek, «nomus va muhabbat» (1935) pesalari maydonga kelgan. Yashin dramaturgiya sohasidagi bu dastlabki asarlari bilan sho’ro davri adabiyotining g’oyaviylik tamoyiliga qat’iy rioya qiluvchi yozuvchi sifatida tanilgan. Yashin tarixiy-ijtimoiy davr talabi bilan «Nurxon» (1940) pyesasini yozgan va uni musiqiy drama teatri sahnasiga olib chiqqan. Dramaturg bosh qahramonning halokati bilan yakunlanuvchi ushbu asarida jamiyat va shaxs erkinligi mavzuini adabiyotning insonparvarlik tamoyili asosida yechishga uringan. 2-jahon urushi yillarida fashizmning bosqinchilik mohiyatini ochishga qaratilgan «o’lim bosqinchilarga» (1942), front orqasida qahramonona mehnat qilgan fidoyi kishilar haqidagi «Davron ota» (1942, Uyg’un, S. Abdulla, Chustiy bilan birga), «Oftobxon» (1944), urushdan keyingi yillarda esa «General Rahimov» (1949) pyesalarini yozgan. Shaxsga sig’inish fojialari fosh etilib, tanikli davlat, jamoat va madaniyat arboblarining nohaq qatag’on etilgani oshkor bo’lgan davrda Fayzulla Xo’jayevga bag’ishlangan «inqilob tongi» (1974) pesasini yaratgan. Yashinning dramaturg sifatida shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatgan omillardan biri uning Hamza bilan ijodiy hamkorligidir. Yashin Hamzaning kichik sahna uchun mo’ljallangan «boy ila xizmatchi» pyesasini 1939 yilda qayta ishlagan. Uning sa’yharakati bilan Hamzaning «paranji sirlaridan bir lavha» va «Maysaraning ishi» pyesalari ham topilib, sahnalashtirilgan. «Maysaraning ishi» komediyasi asosida opera spektakli va kinofilm yaratilgan. Yashin ijodida Hamza obrazini yaratish masalasi ham Markaziy o’rinlardan birini tashkil etadi [«Hamza» (1940, A. Umariy bilan birga) dramasi, «Hamza» (S. Muhamedov bilan birga) filmi (1960, rejissyorlar Z.Sobitov, N.Radov) stsenariysi va shu nomdagi opera librettosi (1961, kompozitor S. Boboev), B. Privalov va Sh. Abbosov bilan birga «olovli yo’llar» (1975-84, rejissyor Sh. Abbosov) 14 seriyali telefilm stsenariysi]. Sho’ro hukumati buyurtmasi bilan yaratilgan «olovli yo’llar» teleserialida Yashin Hamza obrazini haddan ziyod sovetlashtirib, tarixiy xaqiqatning buzilishiga yo’l qo’ygan. Shunday nuqson Yashinning «Hamza» (1987) romanida ham seziladi. Ashrafiy va S. Vasilenkoning 1916 yil qo’zg’oloniga bag’ishlangan «bo’ron» (1939) birinchi o’zbek operasi, yana shu kompozitorlarning katta Farg’ona kanali qurilishi haqidagi «ulug’kanal» (1940, Mahmud Rahmon bilan birga), Navoiy dostoni asosidagi «Dilorom» (1958, M. Muhamedov bilan birga) operalari librettolarini yozgan. Bundan tashqari, Yashin musiqali drama teatri uchun Navoiy dostoni asosida «Farhod va Shirin» (1944), Ergash Jumanbulbul dostoni asosida esa «Ravshan va Zulxumor» (1956) dramalarini yaratgan. «Asal» (1940, rejissyor M. Egorov, B. Kazachkov), «Hamza» (1960), «General Rahimov» (1967, I. Lukovskiy va Z. Sobitov bilan birga, rejissyor Z. Sobitov), «Shiddat» (1971, rejissyor A. Hamroyev) kabi badiiy va «Salom, Bahor» (rejissyor A. Hamroyev) hujjatli filmlari uchun stsenariylar ham yozgan. U. Shekspirning «Antoniy va Kleopatra», U. Gajibekovning «Arshin mol olon», I. Brusilovskiyning «Yer Torg’in», B. Kerboboevning «Mahtumquli», M. Husaynning «Olov», I. Qosimovning «inson mehri», L. Sobolevning «xo’jayin» pesalarini tarjima qilgan. Toshkent va Andijon shahrilaridagi ko’chalardan biri Yashin nomi bilan ataladi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968). As: tanlangan asarlar. 1—4j.,T.. 1970— 72; Yodnoma, T., 1989. Ad.Abdusamatov H. Samatov M.. Yashin, T., 1964; Abdusamatov H., Tradipiya va novatorlik problemasi. T., 1974; Abdusamatov H., Estetika va hayot, T., 1976; XX asr o’zbek adabiyoti tarixi, T., 1999. Naim Karimov.