TUYABO’YINLAR
TUYABO’YINLAR (Raphidioptera) — to’r qanotli hasharotlar turkumi. 100 turi ma’lum. Shimoliy yarim sharda tarqalgan. Tanasi 15-20 millimetr. Qanoti tiniq. Oldingi ko’krak bo’g’imi cho’zilib, tuya bo’yniga o’xshab qayrilgan (nomi shundan). Tuxumini nam o’rmonlarda po’stloq, quruq o’rmonlarda esa barg to’shamalari ostiga qo’yadi. Lichinkalari daraxtlar po’stlog’i yoriklarida va po’stloq ostida yashaydi. Hasharotlar qurtlari, tengsiz ipak qurtlari, po’stloqxo’r qo’ng’izlar, shiralar tuxumlarini eb, o’rmonchilikka foyda keltiradi. Tuyabo’yinlar g’umbagi harakatchan.