TAXTA

TAXTA — turli yog’och g’o’lalarni bo’ylamasiga tilish yo’li bilan tayyorlanadigan mahsulot. Binokorlik, mebelsozlik va idish (yashik) lar tayyorlashda ishlatiladi. Ignabargli daraxtlar (tiloyuch, qayrog’och, terak, tol, yong’oq, tut, chinor va boshqalar) g’o’lalari Taxta uchun xom ashyo sanaladi. Taxtalar shakliga ko’ra, ikki qirrasi tekis tilingan, ikki qirrasi chala arralangan yoki umuman arralanmagan, g’o’laning yonlaridan chikadigan pushtaxta (gorbil) kabi xillarga bo’linadi. Qalinligi 8 millimetrdan 100 millimetrgacha, uzunligi esa 9 metrgacha bo’lishi mumkin. Qurilishda 30, 40, 50 millimetr qalinlikdagi Taxtalar ko’p ishlatiladi. Taxtalar to’g’ri chiziqliligi, ko’zlarining bor-yo’qligi va boshqa sifatlariga ko’ra 6 xilga bo’linadi. Temir yo’lda ishlatiladigan yog’och g’o’lalar shpal deb ataladi. Shpallarning qalinligi 13-17 santimetr, uzunligi esa 2,5— 2,7 metrni tashkil etadi. Shpalning to’rt tomoni tilingan bo’lsa — qirqilgan, ikki tomoni (pasti va usti) arralanib, qolgan ikki tomoni shunday qoldirilsa — yonbosh shpallar deb ataladi.