ISTE’DOD
ISTE’DOD, talant — nihoyatda zo’r qobiliyat, biror sohada yuksak darajadagi layoqat. U idrok, tasavvur, tafakkur, xotira, kuzatuvchanlik benihoya o’sganligida, voqea-hodisalarning yangi qirralarini, ularning zamiridagi murakkab aloqadorlikni kashf etishda ko’rinadi. Kishining bilimlarni o’zlashtirishi, nazariy va amaliy masalalarni hal etishi, ijodi, o’z bilimi va malakalarini turmushga tatbiq qila bilishidan uning Iste’dodini bilish mumkin. Iste’dod haqida turli nazariyalar mavjud. Ularga ko’ra, Iste’dod Xudo tomonidan beriladi; irsiyat orqali o’tadi; tarbiya orqali paydo qilinadi; insondagi tabiiy, tugma anatomik-fiziologik layoqat muayyan faoliyatda shakllanadi va rivojlanadi. Iste’dod insonning ma’lum faoliyati turida o’zini namoyon etadi. Bilim, ko’nikma, malaka, tajribalar Iste’dod rivojida katta rol o’ynaydi. Qobiliyat yoki layoqat o’sishiga ijtimoiy sharoit yaratilganda, uni tarbiyalab kamolga yetkazilgandagina Iste’dod yuzaga chiqadi, Iste’dodga shaxsning mehnatsevarligi ham qo’shilgan taqdirda yangilik va kashfiyot paydo bo’ladi. Daho Iste’dodning yuksak namunasi hisoblanadi. Daho egasi batamom yangilik ijod etib, o’z sohasida original yo’nalish yaratadi. Ad.: Mahmudov T., Talant xudojnika i obshestvo, T., 1972. Tilab Mahmudov.