IGUANALAR

IGUANALAR (Iguanidae) — kaltakesaklar oilasi. Tanasining shakli va rangi har xil. Uzunligi bir necha santimetrdan 2 metrgacha (Iguana iguana). Boshi juda ko’p mayda qalqonchalar bilan qoplangan. Agamalarga o’xshaydi, ulardan tishlarining jag’iga ichki tomondan yopishganligi bilan farq qiladi. Oyoqlari yaxshi rivojlangan. 500 ga yaqin turi ma’lum. Shimoliy va Janubiy Amerika, Madagaskar va ayrim Polineziya orollarida tarqalgan. Ko’pchiligi o’rmonlarda daraxtlar shoxida, cho’l va tog’larda yashaydi, ayrim turlari umrining bir qismini suvda o’tkazadi. Asosan, hasharotlar va boshqa mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi, ayrim turlari o’simlikxo’r. Tuxum qo’yib ko’payadi, bir qancha turlari tuxumdan tirik tug’adi. Go’shti, tuxumi va terisidan foydalaniladi. 13 turi va ko’pchilik kenja turlari Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil kitobiga kiritilgan.