INDUKTSION PECH

INDUKTSION PECH – metallarni suyultirish uchun mo’ljallangan elektrotermik qurilma. Asosan, tigelli va kanalli Induktsion pechlar qo’llanadi. Tigelli Induktsion pech mis naychalardan qilingan solenoiddan iborat bo’lgan induktor va tigeldan tashkil topadi. Ochiq, vakuumli, gaz to’ldirilgan va kompression xillari bor. Suyultiriladigan materialga qarab, tigel keramik materiallar, grafit, po’lat va hokazolardan tayyorlanadi. Hajmi bir necha kilogrammdan bir necha tonnagacha. Pech past, o’rta va yuqori chastotali tok bilan ishlaydi. Tigelli Induktsion pechda po’lat, cho’yan, mis, alyuminiy, magniy va qimmatbaho metallar suyultiriladi. Kanalli Induktsion pechning asosiy qismlari: eritish vannasi, magnit o’zak, induktor, tub toshi. Bunday Induktsion pechda elektr o’tkazuvchi modda bilan to’ldirib turiladigan kanalda elektromagnit energiya issiqlik energiyasiga aylanadi. Unda rangli metallar va ularning qotishmalari, cho’yan suyultiriladi. Hajmi bir necha yuz kilogrammdan bir necha tonnagacha. Kanalli Induktsion pech sanoat Chastotasidagi tok bilan ishlaydi. Induktsion pechlarda induktsion qizdirish, ya’ni o’zgaruvchan elektromagnit maydon ta’sirida vujudga keladigan elektr toki bilan qizdirish usulidan foydalaniladi.