YADRO NURLANISHI DETEKTORLARI
YADRO NURLANISHI DETEKTORLARI — yadro nurlanishlarini kuzatish va qayd qilish uchun mo’ljallangan asboblar. Ularga stsintillyasiyaviy va ionizasiyaviy hisoblagichlar, Vilson kamerasi, pufak kamera, yarimo’tkazgich detektorlar, qalin qatlami fotoemultsiya va boshqalar kiradi. Yadro nurlanishlari modda orqali o’tganda ular qoldiradigan iz (trek) laridan foydalanib ularni o’rganish mumkin. Xususan, Vilson kamerasi, Pufak kamera va fotoemulsiyaning qalin qatlamidan nurlanish zarralari o’tganda shunday izlar kuzatiladi. Izlarning qandayligi — uzun yoki qisqaligi, yo’g’on yoki ingichkaligi, magnit maydonida og’ishi va hokazo zarra zaryadining ishorasini, energiyasi, impulsi va boshqalar fizik kattaliklarni baholashga imkon beradi. Zaryadli zarralar o’z yo’lida uchragan molekulalarni ionlashtiradi. Ionizasiyaviy hisoblagichlarda gaz bilan to’ldirilgan hajmga uchib kirgan zaryadli zarra gaz molekulalari bilan to’qnashib, ion va elektronlardan iborat iz qoldiradi — zanjirda tok hosil bo’ladi. Tokning kattaligidan kamera hajmidan o’tayotgan zarralar haqida fikr yuritish mumkin. Stsintillyasiyaviy hisoblapllarda lyuminessentsiyalanuvchi sirtga tushuvchi zarralar ta’sirida yorug’lik chaqnashlari (stsintillyatorlar) vujudga keladi, moddadan fotonlar chiqadi. Bunday yorug’lik chaqnashlarini fotoko’paytirgich qayd qiladi. Neytral zarralar iz qoldirmaydi, lekin ular emirilib zaryadli zarralar hosil qilish paytida yoki biror yadro bilan to’qnashish paytida seziladi. Demak, neytral zarralar ham o’zlari hosil qilgan zaryadli zarralarning ionlashtirish ta’siri orqali qayd qilinadi. Yadro tajribalari impuls kuchaytirgichlar, mos tushish sxemalari, vaqtincha to’xtatib turish sxemalariga ulangan detektorlar yordamida amalga oshiriladi.