YASAMA SO’Z
YASAMA SO’Z — yasovchi qo’shimchalar yordamida hosil qilingan so’z: bedazor, ishchi, yozuvchi, maktabdosh, odamsimon; bepul, boobro’, sermeva. O’zbek tilida yasama so’z hosil qilishning quyidagi ko’rinishlari mavjud: 1) o’zakdan yasash (ish+chi): birinchi derivatsiya (birinchi negiz); 2) negizdan yasash (o’quv+chi); ikkinchi derivatsiya (ikkinchi negiz); o’quvchi+lik: uchinchi derivatsiya (uchinchi negiz); 3) qo’shma o’zakdan yasash (ishbilarmon+lik, pirpir+ak, temiryo’l+chi). Yasama so’zga asos bo’lgan komponent — so’z yasalish asosi yoki motivlovchi asos, undan hosil bo’lgan, ya’ni Yasama so’z esa motivlanuvchi asos deyiladi. Yasama so’zning ma’nosi ana shu motivlovchi komponent va yasovchi qo’shimchaning ma’nosi bilan asoslanadi, shu qismlarning ma’nosidan kelib chiqadi. So’zning yasalgan yoki yasalmaganligini belgilashda hozirgi til nuqtai nazaridan qaraladi. Masalan, Toshloq so’zi qismlarga ajraladi (tosh+loq; tosh bilan bog’lanish bor), qishloq so’zi esa ajralmaydi, chunki bugungi kunda bu so’zning «qishda yashaydigan joy» ma’nosi unutilgan. Boshqacha aytganda, Yasama so’zlarda yangi hosil qilingan lug’aviy birlik bilan avvalgisi (yangi birlikka asos bo’lgani) o’rtasidagi aloqa sezilib turadi.