YAMAYKA

YAMAYKA — Vest-Indiyadagi davlat. Yamayka oroli va unga yondosh bir necha mayda orollarda joylashgan. Maydoni 11,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,68 million kishi (2002). Poytaxti — Kingston shahri ma’muriy jihatdan 3 graflikka bo’lingan. Davlat tuzumi. Yamayka — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiruvchi mustaqil davlat. Amaldagi konstitutsiyasi 1962 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan davlatni General-gubernator boshqaradi. Qirolicha general-gubernatorni mamlakat bosh vaziri tavsiyasi bilan tayinlaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament (Senat va vakillar palatasi), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Yamaykaning katta qismini ohaktoshli plato (balandligi 500-1000 metr) egallagan; Sharqiy qismida Blumuantin tog’lari bor. Janubiy va g’arbiy sohillari kambar allyuvial pasttekislik. Janubiy sohillarda qulay gavanlar bor. Qaynoq radioaktiv va termal oltingugurtli buloqlar mavjud. Kuchli zilzilalar bo’lib turadi (1692 va 1907 yillarda fojiali bo’lgan). Boksit, temir va marganes ruda konlari bor. Iqlimi tropik passatli iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 24-25°, iyulniki 26-27°. Yillik yog’in Janubda 800 millimetr, tog’larda 5000 millimetrgacha. Kuchli bo’ronlar bo’lib turadi. Tuproqlari tog’ jigarrangqizil va qizilqo’ng’ir tuproqlar. Eng yirik Daryosi — BlekRiver. Mamlakat markazidagi plato va Sharqdagi tog’yon bag’irlari doim yashil tropik o’rmonlar bilan qoplangan. Orolning g’arbiy va Janub qismidagi tekisliklarda savanna o’simliklari o’sadi. Hayvonot dunyosi nisbatan kambag’al. Mayda kemiruvchi hayvonlar, qushlar, ko’rshapalaklar uchraydi. Xeltshirxils rezervati, 2 dengiz parki bor. Aholisining asosiy qismi (80%) yamaykaliklar (aksariyati negr va mulatlar); hind, Xitoy, inglizlar ham yashaydi. Rasmiy til — ingliz tili. Shahar aholisi 50,2%. Dindorlarning aksariyati — protestantlar. Yirik shaharlari: Kingston, SpanishTaun. Tarixi. Yamaykada qadimdan indeyslarning aravak til oilasiga mansub qabilalari yashab kelgan. Orolga yevropaliklardan dastlab 1494 yil X. Kolumb ekspeditsiyasi borib tushgan va uni Santyago deb atagan. Keyinchalik indeyscha «Xaymaka» («buloqlar oroli», «Yamayka») deb nomlangan. 1508 yildan ispanlar Yamaykani o’z mustamlakasiga aylantirib mahalliy aholi (aravaklar)ni butunlay qirib tashladi. 1513 yildan shakarqamish plantasiyalarida ishlatish uchun Afrikadan qullar olib borildi. 1655 yil Yamaykani inglizlar bosib oldi (1670 yil rasmiy ravishda Buyuk Britaniya mu- stamlakasiga aylantirildi). Inglizlar Yamaykani qul savdosining yirik markazlaridan biriga aylantirdilar. 1823-24 va 1831-32 yillardagi qullarning ommaviy harakati natijasida 1833 yil quldorlik bekor qilindi (1838 yil to’liq bekor qilindi). 1958 yildan Yamayka Buyuk Britaniya tomonidan tashkil etilgan VestIndiya Federatsiyasi tarkibida bo’ldi. 1959 yil Yamayka ichki o’zinio’zi boshqarish huquqini qo’lga kiritdi. 1961 yil federatsiya tarkibidan chiqdi. Yamayka 1962 yil 6 avgustda mustaqillikka erishdi. 1962 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 6 yanvarda tan olgan. Milliy bayrami — avgustning birinchi dushanbasi — Mustaqillik kuni (1962). Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Yamayka leyboristlar partiyasi, 1943 yil tuzilgan; Xalq milliy partiyasi, 1938 yil asos solingan. Yamayka Kasaba uyushmalari Kongressi; Yamayka milliy ishchilar Ittifoqi, 1972 yil tashkil etilgan; Bustamante sanoat ishchilari kasaba uyushmalari, 1938 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Yamayka — agrarindustrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda kon sanoati 7,2%, qayta ishlash sanoati 17,7%, qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliq ovlash 9,4% ni tashkil etadi. Iqtisodiyotining asosi eksport uchun boksit qazib olish va giltuproq ishlab chiqarish. Sanoatida boksit qazib olish va gultuproq ishlab chiqarish milliy kompaniyalar tomonidan AQSh va Kanada sarmoyasi ishtirokida amalga oshiriladi. Qandshakar, rom, tamaki, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlangan; xorijdan keltiriladigan neftni qayta ishlash, tsement ishlab chiqarish, kimyo, farmatsevtika korxonalari bor, elektron apparatlar yig’adigan zavod ishlaydi. Yiliga o’rtacha 3,9 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida eksport uchun shakarqamish, banan, tsitrus mevalar, kofe, kakao, qalampir, tamaki yetishtiriladi. Ichki ehtiyoj uchun batat, maniok, sholi, makkajo’xori ekiladi. Chorvachilik sust rivojlangan. Asosan, qoramol, cho’chqa, echki boqiladi, baliq ovlanadi. Avtomobil yo’llari uzunligi 18,6 ming kilometr, temir yo’llar uzunligi 200 kilometr. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti — Kingston. Yamayka chetga boksit, giltuproq, banan, qandshakar, rom, tamaki, tsitrus mevalar chiqaradi. Chetdan yoqilg’i, xom ashyo, sanoat jihozlari, transport vositalari, oziq-ovqat va iste’mol mollari oladi. Tashqi savdoda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yamayka dollari. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Vrachlar Kingston yaqinidagi Vestindiya universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy qilingan. Boshlang’ich maktablarda o’qish muddati 6 yil, o’rta maktablarda 7 yil xususiy o’quv yurtlari ham bor. O’qish ingliz tilida. Hunartexnika ta’limi to’liqsiz o’rta maktab negizida olib boriladi. Kingston shahri yaqinida VestIndiya universiteti (1948 yil tashkil etilgan), Kingstonda gumanitar va tabiiy fanlar hamda texnologiya kolleji, Spanish Taunda qishloq xo’jalik maktabi bor. Ilmiy muassasalari: Yamaykani o’rganish instituti (1879), ilmiy tekshirish lar kengashi (1960), rejalash boshqarmasi, tibbiyot assosiasiyasi, tibbiy tadqiqotlar laboratoriya (hammasi Kingstonda), Karib ovqatlanish instituti (1967, Mona qishlog’ida) va boshqalar Kingstonda Yamayka kutubxona xizmati (1948), maktab kutubxonalari xizmati, Mona qishlog’ida universitet kutubxonasi (1948) va kollej kutubxonasi bor. Kingstonda tarix, tibbiyot tarixi, badiiy muzeylar, Spanish Taunda xalq muzeyi mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Yamaykada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: «Deyli Gliner» («kundalik xabarchi», kundalik gazeta, 1834 yildan), «Deyli Star» («kunduzgi yulduz», kundalik kechki gazeta, 1951 yildan), «Karibian Chellendj» («Karib chaqirig’i», oylik jurnal, 1957 yildan), «Sandi Gliner» («yakshanba xabarchisi», «Deyli Gliner» gazeta ilovasi). «Djampress» hukumat axborot agentligi 1984 yil tashkil etilgan. «Televiji Djamayka Limited» radiotelevideniye xizmati, 1959 yil tuzilgan. Yamayka radiosi tijorat xizmati bo’lib, 1947 yil asos solingan. Yana bir qancha tijorat radiostansiya mavjud. Adabiyoti ingliz va kreol tillarida rivojlanmoqda. Luiz Bennetning kreol tilida yaratgan she’rlari mashhur. Ingliz tilidagi adabiyot 18-asrda vujudga kelgan. T. Redkam (1870-1933) she’r va pyesalari, G.J. De Lisser (1878-1944) romanlarida milliy mavzu o’z aksini topdi. Bu davrda shoir K.Makkey (1890-1948) mashhur bo’lgan. 2-jahon urushi (1939-45) dan keyin adabiyotning yuksalish davri boshlandi. Ijtimoiy mavzuda R.Meysning «Insonaka» (1954), «qora chaqmoq» (1955) nomidagi dastlabki romanlari, «yangi kun» (1949) qissasi, V.Ridning «Qoplon» (1958) qissasi yuzaga keldi. Milliy ozodlik kurashi mavzusi J.Xirnning «Deraza yaqinidagi tovush» (1955), «yashash mumkin bo’lgan mamlakat» romanlaridan o’rin egalladi. O.Pattersonning «Xarobalar yo’q» (1967), «Sizif farzandlari» (1968) romanlari zamonaviylikka, «jon fido qil, uzoq kun» (1972) tarixiy romani 18-asrdagi Yamayka hayotiga bag’ishlangan. K.Tompson, E.Solki, P.O.Robinson, D.Xaynde va boshqalar hikoya janrida samarali ijod qildilar. Yamaykada birinchi she’riy antologiya 1929 yil nashrdan chiqqan. Shoirlardan U.E.Roberts, F.Sherlok mashhur bo’lgan. Ularning she’rlaridagi Vatan mavzuini shoirlar V.Virtyu, D.Kempbell, X.Karberi, M.Morris, D.Skott, A.Maknis va boshqalar davom ettirdilar. T.Ronning pyesalari mashhur. Ma’morligi va tasviriy san’ati. Yamayka san’atida Yevropa, ayniqsa ingliz madaniyatining kuchli ta’siri Afrika xalqlari an’analari bilan qo’shilib ketgan. 17— 19-asrlarda shaharlarda ingliz me’morligi uslubida to’g’ri burchakli 1 qavatli tosh va g’isht imoratlar qurildi (Spanishtaundagi Sentketrin sobori, 1655; Kingstondagi Rokfort qal’asi, 17- asr oxiri — 19-asr; Kingstondagi shtab binosi, hozirgi hukumat saroyi, 18-asr). Xalq turar joylari 2 qavatli metal bezakli yog’och uylar (verandasi bilan) bo’lgan. Boylarning shahar yaqinidagi uylari Amerika «mustamlakachilik uslubi»da barpo etilgan. 20-asrning o’rtalaridan zamonaviy ko’p qavatli binolar qurila boshladi (VestIndiya universiteti binosi, Kingstondagi Nennivill turar joy massivi). 20-asr o’rtalaridan professional tasviriy san’at rivojlandi. Oddiy kishilar hayoti, mamlakatdagi ijtimoiy ziddiyatlar tasviriy san’at ustalari asarlarida o’z ifodasini topmoqda. Rassomlardan A.Xyu, R.Kempbell, D.Pottinger, L.Morris, haykaltaroshlardan E.Menli, N.Roy mashhur. Yamaykada yog’och o’ymakorligi, kandakorlik kabi an’anaviy xalq hunarmandchiligi rivojlangan.