YARA KASALLIGI
YARA KASALLIGI, me’da va o’n ikki barmoq ichak yarasi — me’da yoki o’n ikki barmoq ichakda yara hosil bo’lishidan iborat kasallik. Ko’pincha 25-50 yashar erkaklarda, ba’zan ayollarda ham uchraydi. Kasallikning kelib chiqishiga kuchli hayajonlanish, qayg’urish, qiyin hazm bo’ladigan, yog’li, achchiqsho’r, o’ta issiq yoki sovuq taomlar iste’mol qilish, tartibsiz ovqatlanish, chekish, spirtli ichimliklar ichish va boshqalar sabab bo’ladi; irsiy moyillik ham rol o’ynaydi. Og’riq Yara kasalligining asosiy belgisi, u ko’proq to’sh osti sohasida kuzatilib, ovqatdan keyin yarimbir yoki 1,5—2 soat o’tgach boshlanadi. O’n ikki barmoq ichak yarasida nahorda (och qoringa) og’riq tutadi, bu holat ko’pincha ozgina ovqat yeyilgach o’tib ketadi. Ba’zan og’riq orqaga yoki ko’krak qafasiga tarqaladi. Me’da yarasida ko’proq ko’krak osti, ichak yarasida aksari kindik atrofi goh lo’qillab, goh achishib og’riydi. Kuchli og’riq tutganda bemor oyoqlarini bukib, chap yoki o’ng yonboshni yoki qornini bosib yotadi, ba’zan tizza va tirsaklariga tayanib oladi. Og’riq qancha kuchli bo’lmasin bemor qayt qilganidan so’ng to’xtaydi. Og’riq bilan birga ayrim hollarda jig’ildon qaynab, kekirik keladi, ko’ngil ayniydi. Yara o’n ikki barmoq ichakda bo’lsa, ko’pincha qabziyat kuzatiladi; ayrim bemorlarning asabi zaiflashib, kayfiyati o’zgaradi, qon bosimi pasayib, qo’loyoqlari soviydi. Yara kasalligida me’da shirasi ko’p, kam yoki me’yorida ajraladi. Kasallik aksariyat surunkali kechadi, u vaqt-vaqti bilan (bahor va kuzda) qo’ziydi, goh zo’rayib, goh bosiladi. 1-2 oy davom etadigan bu davrda bemor ish qobiliyatini yo’qotadi, ba’zan o’z vaqtida davolanmasa, kasallik og’irlashib, turli asoratlarga sabab bo’ladi. Xavfli asoratlardan biri yaraning teshilishidir, bunda qorinda to’satdan xanjar suqqandek og’riq paydo bo’lib, bemor hushdan ketishi mumkin. Bunday hollarda uni zudlik bilan kasalxonaga yotqizib operatsiya qilish kerak. Kasallikning asoratlaridan yana biri yaradan qon ketishidir, bunda bemor to’satdan holsizlanadi, badanini muzdek ter bosadi hushidan ketadi, ba’zan qon qusadi (kofe quyqasiga o’xshash), qoramtir bo’lib ichi ketadi, kamqonlik (anemiya) yuz beradi, bu holat tez tibbiy yordam ko’rsatilishini taqozo etadi. Vrach kelgunicha bemorni o’ringa yotqizib, orom berish, hech nima yedirib ichirmaslik kerak. Ba’zan kasallik yashirin kechib, bemorni hech nima bezovta qilmaydi va asorat bergandagina (qon ketishi yoki yaraning teshilishi) bilib qolinadi. Kasallikni davolash kompleks usullar bilan vrach nazoratida olib boriladi. Bunda ma’lum tartibga rioya qilish, parhez saqlash talab etiladi. Ovqatni ilitib, dambadam va oz ozdan eyish, kechasi och qoringa og’riq bezovta qilsa, yotishdan oldin 1 stakan sut yoki yangi ivitilgan qatiq yoki kefir ichib yotish maqsadga muvofiq. Kasallik yillab cho’zilishi mumkin, shuning uchun yengil hazm bo’ladigan va tarkibida oqsil, yog’, vitaminlar (ayniqsa, S, A va V guruh vitaminlari) yetarli bo’lgan parhez taomlar iste’mol qilish, kasallik xuruj qilganda parhezga alohida e’tibor berish, chekish va spirtli ichimliklardan o’zni tiyish lozim. Kasallikni dori-darmon bilan davolash ham faqat vrach ko’rsatmasiga binoan olib boriladi. Kasallik xuruj qilmagan vaqtda yoki kasalxonada davolangandan so’ng bemorlar mahalliy sanatoriy va kurortlar (Tashminvoda, Chinobod, tibbiy tiklanish va fizioterapiya ilmiy tekshirish instituti) ga yuboriladi. Kasallikning oldini olishda yoshlikdanoq o’z vaqtida ovqatlanish rejimiga amal qilish shart. Ba’zi dorilar: atsetilsalisilat kislota (aspirin), butadion, prednizolon va boshqalarni o’z bilgicha ichib yurish ham me’da va ichakning Yara kasalligiga olib kelishi mumkin. Kasallik boshlanishi aniqlangan davrda bemor vrachning ko’rsatma va tavsiyalariga qat’iy amal qilishi talab etiladi. Bemorlar poliklinikalarda dispanser hisobiga olinadi. Kasallik xurujining oldini olish uchun kuz va bahor oylarida, ishdan ajralmagan holda davolanib turish (profilaktoriy va sanatoriykurortlarda) ham ijobiy samara beradi. Kasallik o’z vaqtida to’la davolansa, bemor sog’ayib ketishi mumkin.