YANGIQO’RG’ON

YANGIQO’RG’ON — Namangan viloyati Yangiqo’rg’on tumanidagi shaharcha (1976 yildan), tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Chortoq (16 kilometr). Viloyat markazi (Namangan shahri) gacha 22 kilometr. Aholisi 16,1 ming kishi (2005). Aholisi va xo’jaliklari Pochchaotasoydan suv oladi. Paxta tozalash zavodi, non kombinati, tikuvtrikotaj fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona va boshqalar korxonalar bor. Kichik, o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Dehqon bozori, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, litsey-internat, kasb-hunar kollejlari bor. Tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, klub muassasalari, madaniyat saroyi ishlab turibdi. Sport majmuasi faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, veterinariya laboratoriyasi, teritanosil kasalliklari kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Yangiqo’rg’on — Chortoq, Yangiqo’rg’on — Namangan yo’nalishlari bo’yicha avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.