JEKSON

JEKSON — AQSh Janubdagi shahar, Meksikabo’yi pasttekisligida, Perl daryosi bo’yida. Missisipi shtatining ma’muriy markazi va eng katta shahri. Aholisi 196,6 ming kishi (2000; shahar atrofi bilan birga 400 ming). Transport yo’llarining muhim tuguni. Qishloq xo’jaligi rayonining savdo-moliya markazi. Oziq- ovqat, o’rmonchilik, yog’ochsozlik, elektrotexnika, silikat-keramika, mebel sanoati korxonalari, yirik aeroport bor. Avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Shaharga 1790 yilda asos solingan.