IGOR SVYATOSLAVICH

IGOR SVYATOSLAVICH (1150 -1202) — Novgorod-Seversk (1178 yildan) va Chernigov (1198 yildan) knyazi. Qadimgi rus adabiy yodgorligi — Igor polki jangnomasi qahramoni. 12-asrda Kiyev Rusi taxti uchun o’zaro kurashlarda qipchoqlar (poloveslar) yordamida ishtirok etgan va bu bilan Janubiy Rusni talon-taroj bo’lishiga imkon yaratib bergan. Qipchoqlarning tazyiqi kuchaygach, Igor Svyatoslavich boshqa knyazlar bilan ittifoq bo’lib qipchoqlar ustiga yurish qilgan (1185). Ruslar don va Sala daryolari bo’ylarida joylashgan qipchoqlar qarorgohiga to’satdan hujum qiladilar. Bu paytda qarorgohda chollar, ayollar, bolalardan boshqa hech kim yo’q edi, erkaklar safarda bo’lishgan. Ruslar qarorgohni talon-taroj etib, katta o’lja bilan qaytayotganlarida qoyali (Kaalnik) sohilida qipchoqlar tomonidan o’rab olinib tor-mor keltirilgan, knyazlar, shu jumladan Igor Svyatoslavich asir tushgan, o’g’lini qoldirib o’zi qochgan. Igor Svyatoslavichning ushbu yurishi keyinchalik «Igor polka jangnomasi» asosiy mazmunini tashkil qilgan.