IQTISODIY INTEGRATSIYA

IQTISODIY INTEGRATSIYA – turli korxona va tarmoqlarning, shuningdek, mamlakatlarning ishlab chiqarish sohasida bir-biriga yaqinlashuvi, ular o’rtasida uzviy iqtisodiy aloqalar o’rnatilishi, mamlakatlararo yagona umumiy xo’jalikning shakllanishi jarayoni. Iqtisodiy integratsiya butun bir mamlakatlar milliy xo’jaliklari darajasida, shuningdek, korxonalar, firmalar, kompaniyalar, korporatsiyalar darajasida ham kuzaliladi. Iqtisodiy integratsiya ishlab chiqarish-texnologik aloqalarning kengayishi va chuqurlashuvida, resurslardan hamkorlikda foydalanish, kapitallarni birlashtirishda hamda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish jarayonida bir- biriga qulay sharoitlarni yaratishda, o’zaro to’siqlarni olib tashlashda namoyon bo’ladi. Iqtisodiy integratsiya asosida mehnat taqsimoti yotadi. Mehnat taqsimoti tufayli ayrim mahsulotlar emas, balki detallar ham ixtisoslashgan korxona va tarmoqlarda ishlab chiqariladi. Shu tariqa korxona va tarmoqlar o’zaro yaqin va muntazam iqtisodiy aloqa bog’laydi. Avvalo, korxonalar o’rtasida Iqtisodiy integratsiya yuz beradi va ularning birlashmasi vujudga keladi, so’ngra Iqtisodiy integratsiya tarmoqlararo miqyosda yuz berib, yirik ishlab chiqarish majmualari paydo bo’ladi. Bir tarmoq doirasida gorizontal integratsiya, tarmoqlararo esa vertikal Iqtisodiy integratsiya yuz beradi. Vertikal Iqtisodiy integratsiyaga agrosanoat majmui misol bo’ladi, u qishloq xo’jalik, oziq-ovqat, qishloq xo’jalik mashinasozligi, kimyo sanoati va boshqalarni o’z ichiga oladi. Mehnat taqsimoti xalqaro miqyosda amalga oshishi bilan xo’jalik hayoti baynalmilallashadi, moddiy mahsulot yaratishda turli mamlakatlarda korxona va tarmoqlar qatnasha boradi, binobarin, mamlakatlararo Iqtisodiy integratsiya yuzaga keladi, buning natijasida mamlakatlar iqtisodiyotida ixtisoslashish yuz beradi va mamlakatlar bir-birlariga mahsulotlar va xizmatlar yetkazib beradi. Shu sababli hozirgi davrda xalqaro Iqtisodiy integratsiya eng yuqori darajadagi va yetakchi Integratsiya ko’rinishi hisoblanadi. Xalqaro Iqtisodiy integratsiya uzoq davom etadigan ko’p bosqichli jarayon bo’lib, turli shakllarda yuz beradi. Birinchi bosqichda turli mamlakatlar o’rtasida erkin savdo-sotiq olib boriladigan, bojxona to’lovlari, eksport kvotalari bekor qilingan erkin savdo zonalari tashkil etiladi. Natijada davlatlararo tovar ayirboshlashda integratsiyalashuv yuz beradi. Ikkinchi bosqichda erkin iqtisodiy zonalar shakllanib, bu yerda ham bir necha mamlakatlar birlashadi. Bu bosqichda integratsion aloqalar savdo-sotiq bilan cheklanmasdan sanoat, bank, sug’urta ishi va texnologiya sohasida ham yuz beradi. Bu zonalar ochiq iqtisodiy hududlar hisoblanadi, iqtisodiy aloqalar erkin va ko’p qirrali bo’lib, barcha iqtisodiyot sub’yektlari imtietlarga ega bo’ladilar. Uchinchi bosqichda umumiy bozor shakllanadi. Umumiy bozorni tashkil etgan mamlakatlarning milliy bozorlari bir- biri uchun ochiq bo’ladi, amalda milliy bozorlar birlashib, mamlakatlararo umumiy bozor vujudga keladi. Bu bozorda barcha tovarlar erkin, hech bir cheklovlarsiz ko’chib yuradi. Ish kuchi, capital va tovarlar bir mamlakatdan boshqasiga o’tadi, qaysi mamlakatda resursni ishlatish qulay bo’lsa, u shu yerga borib joylasha oladi. Umumiy bozorda iqtisodiy chegaralar amalda bekor qilinadi, bojxona to’lovlari, eksport kvotalari, tovar sifatiga talab minimal darajaga keltiriladi. Umumiy bozor dastlab 1957 yildan Yevropada shakllangan. To’rtinchi bosqichda Iqtisodiy va valyuta ittifoqi doirasida integratsiya yuz beradi. Bu yerda integratsion alokalar savdo-sotiq va ishlab chiqarish bilan cheklanmay, moliya, pul muomalasi va bank tizimiga ham kirib boradi. Yevropa Ittifoqiga kirgan 15 mamlakatdan 12 tasida 2000-2001 yillarda umumiy pul — yevro muomalaga kiritildi, milliy pullar muomaladan asta-sekin chiqarildi, yagona soliq tizimi joriy etildi, milliy byudjetlar saqlangan holda yagona, umumiy byudjet ham tuziladigan bo’ldi. 21-asr boshlaridagi integratsiyaning eng yuqori shakli bo’lgan iqtisodiy va valyuta Ittifoqi mamlakatlar iqtisodiyotini yuksak darajada birlashtiradi, iqtisodiy umumiylikka ustuvorlik beradi, ammo ayrim mamlakatlar mustaqilligini ma’lum darajada cheklaydi (milliy parlamentlar va hukumatlarning bir qator vakolatlari Yevropa Ittifoqining umumiy organlariga berilgan). Hozirgi davrda jahonning boshqa mintaqalarida ham integratsiya jarayonlari jadal bormoqda. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, AQSh, Kanada va Meksikani birlashtirgan shimoliy Amerika uyushmasi, Janubiy sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Tinch okean region uyushmasi (ATES), Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar o’rtasida integrasion hamkorlik kuchayib bormoqda. 1991— 2002 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy integratsiyasini chuqurlashtirish yo’lida jiddiy ishlar amalga oshirildi: zaruriy huquqiy va tashkiliy shartsharoitlar yaratildi, davlatlararo kengash tuzildi, ijroiya qo’mita, Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot banki tashkil etildi. Ad.: Karimov I. A., O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997. Ahmadjon Ulmasov, Dilerom Tojiboyeva.