ISHTIXON

ISHTIXON — Samarqand viloyati, Ishtixon tumanidagi shahar. Tumanning ma’muriy markazi. Samarqand shahridan 68 kilometr, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Kattaqo’rg’on (22 kilometr). Aholisi 12,3 ming kishi (2001). Shaharda tuman hokimligi binosi, aloqa bo’limi, 3 umumiy ta’lim maktabi, litsey, pedagogika va tibbiyot kollejlari, kutubxona, dehqon bozori, «Shahidlar» yodgorligi majmui, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari bor. Ishtixon qadimdan ma’lum bo’lib, ilk zamindorlik davrida mustaqil hokimlikning markazi bo’lgan, keyinchalik Sug’diyona tarkibiga kirgan. Samarqand arablar tomonidan bosib olingach (8-asr boshlari), Sug’d ixshidlari Ishtixonga kelib uni poytaxt qilgan. 10-asrda Ishtixon qal’a, Shahriston va raboddan iborat katta shahar bo’lgan. Keyingi asrlarda ham yirik savdo shahri sifatida mashhur edi. Tarixiy manbalarda Ishtixon savdo-sotiq rivojlangan, atrofi bog’rog’, dalalar bilan o’ralgan chiroyli shahar sifatida tilga olinadi. Ishtixonga Zarafshon daryosi orqali suv kelgan. Keyinchalik shahar xarobaga aylangan. Uning o’rnida kichikroq qishloq (hozirgi Ishtixon shahri) vujudga kelgan.