ISH KUCHI

ISH KUCHI, mehnat qilish qobiliyati — insondagi tirikchilik ne’matlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan jismoniy va ma’naviy qobiliyatlar majmui. Muayyan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda Ish kuchi tovarga aylanadi. Ish kuchi tovarga aylanishi va mehnat bozorida oldi-sotdi qilinishi uchun Ish kuchi egasi, eng avvalo, xuquqiy jihatdan mustaqil shaxs bo’lishi va o’z Ish kuchini erkin tasarruf etish imkoniyatiga ega bo’lishi lozim. Bozor iqtisodiyoti sharoitida kasb tayyorgarligi va malaka darajasiga qarab muayyan narxlar (ish haqi)da Ish kuchi mehnat bozorida erkin sotiladi va sotib olinadi. Ish kuchi barcha jamiyatlarda ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonining asosiy sharti, faol unsuridir.