FARMON

FARMON — 1) muayyan mamlakatlarda davlat boshligi (Prezident) chiqaradigan muhim huquqiy hujjat. Farmon bilan, odatda, shaxslar yuksak lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, favqulodda yoki harbiy holat tartibi joriy etiladi, orden va medallar bilan mukofotlash amalga oshiriladi, oliy harbiy va faxriy unvonlar beriladi, umumnormativ xususiyatga ega bo’lgan qarorlar rasmiylashtiriladi. Umumiy qoidaga ko’ra, Farmon mazkur davlat Konstitutsiyasi va qonunlariga (O’zbekiston Respublikasida — O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi va O’zbekiston Respublikasi qonunlariga) zid bo’lmasligi kerak. O’zbekiston Respublikasida Prezident Farmonlari Oliy Majlis yoki Vazirlar Mahkamasi roziligisiz mustaqil tarzda Prezident tomonidan qabul qilinadi. Farmon — mazmun va mohiyatiga ko’ra, konstitutsiyaviy normalarni ijtimoiy hayotga tatbiq qilishning vositasi sifatida namoyon bo’lib, yuridik kuchi nuqtai nazaridan Konstitutsiya va qonun normalariga nisbatan ikkilamchi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida»gi qonuni (2000 yil 14 dekabr)ga ko’ra, Prezident Farmonlari belgilangan tartibda kuchga kiradi va ular e’lon qilinishi shart. G’arb mamlakatlarida, Farmonga o’xshash hujjatlar ko’pincha dekret (AQShda ijro etuvchi direktivalar) deb ataladi; 2) Eron shohlari, Usmonli turk imperiyasi sultonlari, Old va O’rta Sharq mamlakatlarida qad. hukmdorlarning oliy buyrug’i.