IDIOADAPTATSIYA

IDIOADAPTATSIYA (Yunoncha Idios – Maxsus, o’ziga xos va adaptasiya), allomorfoz — organizmlar yashash tarzining tashqi muhitning muayyan sharoitiga xususiy moslashuvi. Evolyutsiyaning Idioadaptatsiyaga mos keladigan yo’nalish allogenez deyiladi. «Idioadaptatsiya» terminini rus olimi A. N. Seversov (1925) taklif etgan. Idioadaptatsiya organizmlar guruhining tuzilish darajasiga kuchli ta’sir ko’rsatmasligi bilan aramorfoz va regressiv o’zgarish — katamorfoz (morfofiziologik degeneratsiya)dan farq, qiladi. Idioadaptatsiya muayyan tuzilish darajasida adaptiv radiasiyani ta’minlaydigan o’zgarish bo’lganligidan quyi taksonomik guruhlar (urug’, oila, tur) uchun xos. Idioadaptatsiyaga misol tariqasida oziqlanish usuli va oziq turiga binoan qushlar tumshug’i tuzilishidagi farq qiluvchi belgilarni, o’simliklar gulining har xil usulda (shamol, suv yoki hasharotlar orqali) Changlanishi, o’simliklar urug’ining har xil usulda (shamol, qushlar, sut emizuvchilar boshqalar) tarqalishini ko’rsatish mumkin. Idioadaptatsiya aramorfozga nisbatan qisqa muddat davom etadi va tez-tez sodir bo’lib turadi.