Suvaysh kanali qachon qurilgan?
Uzoq asrlar davomida Londondan Kalkuttaga dengiz orqali borish uchun juda ko’p vaqtni isrof qilib Afrika qit’asini aylanib o’tishga to’g’ri kelardi. Afrika xuddi ulkan qoyatoshdek Yevropadan Osiyoga boriladigan yo’lga g’ov bo’lar edi. Qadim-qadim zamonlardan buyon ancha yaqin (2 barovar) yo’lning borligi ham ma’lum edi: O’rtayer dengizidan qizil dengizga, undan esa Hind ummoniga «arzimas narsa» xalaqit bergan: Suvaysh bo’yni dengizlarni bir-biridan ajratib turardi. Shu boisdan anchadan buyon bo’yin orqali kanal qazish o’y-fikri ko’pgina odamlarning miyasini chulg’ab olgandi. Asrlar bo’yi berkilib yotgan yo’l shunda ochilgan bo’lur edi. 1798 yilda, Napoleon Bonapartning Misrga yurishi chog’ida fransuz muhandisi leper kanal qurilish ini tayyorlash maqsadida Suvaysh bo’ynida tadqiqotlarni boshlab yuboradi. Biroq Napoleonning Misrdan qochishi bilan bu tadqiqotni to’xshatishga to’g’ri keladi. 30 yildan keyin Sen-Simonning izdoshlari bo’lmish fransuz sotsialist-utopistlari ishga kirishib ketadilar. Ular kanal bashariyatni yagona oilaga birlashtirishda yordam beradi, deb hisoblaganlar. Bir necha muhandislar, texniklar va me’morlar Misr sari otlandilar. Ular qurilish uchun zarur bo’lgan puxta xaritalar chizdilar, loyihalar tuzdilar, pul mablag’ining hisob-kitobini chiqardilar. Biroq, agar fransuzlar kanalni qazsalar, ular uning xo’jayiniga aylanadi va shu tariqa Hindiston bilan savdo-sotiqni qo’lga kiritadi, deb cho’chigan inglizlarning bu rejalarni barbod etishiga bir bahya qolgan edi. Inglizlar turklar qurilishga rozilik bermasligi uchun o’sha kezlarda bo’yinga egalik qilgan Turkiyani kanal qurilishiga qarshi gij-gijlashga urinib ko’rishdi. Ammo ularning bu urinishi behuda ketdi. Fransiyaning o’sha kezlardagi imperatori Napoleon III Turkiya bilan shartnoma tuzadi, fransuz sarmoyadorlari va turk podshosi qo’l qo’yishadi: qurilish boshlanadi. Qizig’i shundaki, qurilish ishlariga muhandis emas, balki Napoleon III ning qarindoshi va podshoning do’sti diplomat Ferdinand Lesseps sarkorlik qiladi. 1869 yilning 19 noyabrida, ya’ni Leper o’z tadqiqotlarini boshlaganidan so’ng 70 yil o’tgach, Suvaysh kanali kemalar qatnovi uchun ochilgan edi.