Tunnellarni qay tariqa qurishgan?

Tunnel inson tomonidan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlar sirasiga mansubdir. Ilk tunellardan biri hali qadimgi Bobilda miloddan avvalgi IX asrdayoq qurilgan edi. U Furot daryosi suvi ostidan o’tgan va podshoh saroyini qal’a bilan tutashtirgan edi. Tog’lardan tunnel o’tkazish sermehnat jarayon hisoblangan, shu munosabat bilan yunonlar ularni faqat suv quvuri yotqizish uchun qurishgan (Samos orolidagi uzunligi bir kilometr tunnellar miloddan avvalgi 540 yildayoq qurilgan edi). Miloddan avvalgi 395 yildan boshlab qadimgi Rimda ham: gidrotexnika inshootlari qurilishi paytida, kanalizatsiya yotqizilayotganda va yo’llar qurilishi chog’ida tunnellardan keng foydalanila boshlandi (miloddan avvalgi 395 yilda Albano ko’liga tomon 1,8 kilometr uzunlikda qurilgan suv tashlaydigan tunnel eng dongdor va uzun oqova yo’li edi). Avgust, Neron va Vespasian hukmronligi davrida Rimini, Neapol va Kima atroflarida o’sha davrlarda salmoqli taxminan 700-900 metr uzunlikka ega bo’lgan yul tunnellari o’tkazilgan edi. Lekin shundan so’ng tunnellar qurish barham topdi. Faqatgina XVII asr oxirlarida Fransiyada ilk marotaba uzunligi 158 metr bo’lgan suv tashlaydigan tunnel o’yilgan edi. XVIII asr davomida tunnellar asosan suv o’tkazish uchun qurildi. Faqat XIX asrning boshlaridan, temir yo’llarni jadal qurish boshlangan pallalarda poyezdlar tunnellardan o’tadigan bo’ldi. 1825 yilda Temza daryosi ostidan o’tgan birinchi metro tunneli qurilgan edi. Muhandis Mark Bryunel uning qurilishi uchun lahm kolovchilar sipari-shchitini yasagan. Zamonaviy tunnel kovlash metodlarining poydevori shu tariqa tashlangandi. Dunyodagi eng uzun muhandislik tunneli Nyu-Yorkka suv yetkazib berish uchun qurilgan tunnel sanaladi: uning uzunligi 169 kilometrga teng. Eng uzun transport tunnellaridan biri Yaponiyada bunyod etilgan. U Xonsyu va Xokkaydo orollarini bir-biriga bog’laydi. Uning uzunligi 36 kilometrdan oshadi va u yuz metr chuqurlikdan o’tadi. 1994 yilda La-Mansh bo’g’ozi ostida tunnel qurilishining nihoyasiga yetkazilishi sensatsiyaga — shov-shuvga aylandi. Qurilish g’oyasining o’zi Napoleon I ning muhandislari tomonidan 1802 yildyoq ilgari surilgan. Biroq texnika rivojlanishi darajasi o’sha zamonda bu qadar murakkab muhandislik loyihasini amalga oshirishga imkoniyat bermasdi. Faqat endilikda ingliz va fransuz muhandislarining sa’y-harakatlari bilan bu narsa voqelikka aylantirildi.