Uran nima?

Uran yer yuzida milliard yillardan buyon mavjud, lekin ko’pchilik odamlar uni yadro quroli va atom elektrstantsiyalari yaratilganidan keyin bilishdi, uran — eng og’ir kimyoviy elementlardan biri. U metallardan biridir va uning yer qobig’idagi zaxirasi odamzotga ko’pdan ma’lum bo’lgan simob va kumush singari elementlarnikidan ko’proqdir. Uran rudasi konlari yer kurrasining ko’pgina mintaqalarida topilgan. Uning konlari ayniqsa Rossiyada, Kanadada, AQShda, Zairda va boshqa bir necha mamlakatlarda judayam ko’p uchraydi. Sof metall uran bamisoli kumushdek yarqirab turadi. Lekin u ochiq havoda bir necha daqiqa tutib turilsa, metall bo’lagining sirti xiralashadi va qo’ng’ir tusga kiradi. Uning ustida uran oksidining yupqa pardasi — ya’ni uranning kislorod bilan birikmasi hosil bo’ladi, buningdek pardaning yuzaga kelish jarayoni esa «oksidlanish» deb ataladi. Uranning boshqa ko’pgina elementlardan ayricha bosh xossasi shundaki, u tabiiy radioaktivlikka ega. Bu shuni anglatadiki, demak, uran atomlari o’z-o’zicha asta-sekin o’zgaradi, ayni paytda o’zidan ko’rinmas nur tarqatadi. Bu nurlar uch xil — alfa, beta, gamma nurlanuvchan nurlardir. Uran atomlarida yuz beradigan o’zgarishlar jarayonida ular boshqa radioaktiv elementlarga aylanadi. Yangi element bilan ham xuddi shunday hol yuz beradi, ayni paytda yangi darajadagi nurlanish ajralib chiqadi. Xullas, oxir-oqibatda radioaktiv bo’lmagan yangi element paydo bo’lmaguniga qadar bu hol takrorlanaveradi. Bunday evrilish jarayonlari 14 bosqichda davom etadi. Ularning bir bosqichida bizga ma’lum bo’lgan radiy elementi hosil bo’ladi, eng so’nggisida — qo’rg’oshin vujudga keladi. Qo’rg’oshin — noradioaktiv elementdir va shu sababli unda evrilish jarayoni tugaydi. Uranning qo’rg’oshinga to’la-to’kis evrilishi uchun milliard yil talab etiladi. Uran bir necha izotoplarga ega. Izotoplar — har xil atom og’irligiga ega bo’lgan bir xil elementning atomlaridir va ular element nomidan keyin raqam bilan ko’rsatiladi. Atom bombasi va atom elekrstantsiyalarining yonilg’isi sifatida 235 raqamli uran ishlatiladi. Plutoniy deb ataluvchi boshqa element ham shu maqsadlarda qo’llaniladi, biroq u tabiatning o’zida bo’lmaydi va shu sababli maxsus qurilmalar yordamida urandan olinadi. Uranni rudadan ajratib olish — juda uzoq davom etadigan va anchagina murakkab jarayondir. Buning uchun avval ruda maydalanadi va galvirdan o’tkaziladi. Keyin uni har xil chiqitlardan tozalash uchun turli ximikatlar yordamida qayta ishlanadi. Undan keyin ruda tarkibidan yarqiragan, «sariq tort» deb ataluvchi loysimon modda ajralib chiqquncha ko’pgina tozalovchi jarayonlardan o’tkaziladi. Uranning bunday yaxshi tozalangan shaklini navbatdagi tozalashlar tabiiy uranning kichik oqimi parchalanib yuz bermagunga qadar davom ettirilaveradi. Yadro reaktorlarida uranning parchalangan atomlari juda katta issiqlik chiqaradi, chunki unda zanjir reaktsiyasi yuz beradi. Bu issiqlik elektr generatorlarini boshqaradigan quvurlarni aylantirish uchun ishlatiladi.