FIZIOLOGIYA

FIZIOLOGIYA (Yunoncha physis — tabiat va …logiya) — organizmlar va ular qismlari, sistemalari, organlari, to’qimalari va hayot faoliyatini o’rganadigan fan. O’rganish ob’ektiga binoan, odam, hayvonlar va o’simliklar fiziologiyasiga bo’linadi. Fiziologiya anatomiya, tsitologiya, gistologiya va, ayniqsa, biokimyo hamda biofizika bilan uzviy bog’langan; u fiziologik jarayonlarni. tushuntiri itsha kimyoviy va fizik metodlar hamda tushunchalardan foydalanadi. Fiziologiya — psixologiya, tibbiyot va veterinariya fanlarining nazariy asosi. Fiziologiya umumiy, solishtirma (evolyutsion) va xususiy (amaliy) Fiziologiyaga bo’linadi. Umumiy Fiziologiya barcha tirik materiya faoliyatining asosiy qonuniyatlari, uning tashqi muhit ta’siriga javob reaktsiyasini, tirik ob’yektlarning notirik tabiatdan farq qiladigan xususiyatlarini o’rganadi. Solishtirma Fiziologiya hayvonlar organizmi fiziologik funktsiyasini filogenetik va xususiy rivojlanish orqali o’rganadi. Xususiy Fiziologiya organizmlar, birinchi navbatda odam organizmi hayot faoliyatining qonuniyatlarini tashqi muhit sharoiti bilan bog’lab o’rganadi. Shu sababdan xususiy Fiziologiya mehnat fiziologiyasi, sport Fiziologiyasi, yosh Fiziologiyasi, ovqatlanish Fiziologiyasi, kosmik Fiziologiya kabi fanlarga ajratiladi. Sog’lom organizmda kechadigan jarayonlarni o’rganadigan normal Fiziologiya va kasal organizmdagi jarayonlarni o’rganadigan patologik Fiziologiya ham farq qilinadi. Fiziologiya — eksperimental fan. Fiziologik tadqiqotlar o’tkir (vivisektsiya, ajratilgan organlar, perfuziya metodlari) yoki surunkali eksperimentlar (shartli reflekslar metodi, fistula qo’yish, transplantasiya, elektrodlar kiritish va b. metodlar) yordamida o’tkaziladi. Yaxlit organizm funktsiyasini o’rganishda elektroentsefalografiya, elektrokardiografiya, miografiya, biotelemetriya metodlaridan foydalaniladi. Fiziologiya sohasidagi dastlabki ma’lumotlar tibbiyot bilan bog’langan bo’lib, qadimdan ma’lum. Gippokrat ishlaridayoq organizmdagi suyuqlik, suyuq va quyuq moddalar nisbati to’g’risida xabar beriladi. Aristotel «hayvonlar qismlari to’g’risida»gi asarida bir qancha ichki organlar funktsiyasi to’g’risida yozadi. Galen ishlarida Fiziologiyaga katta ahamiyat berilgan. U nerv sistemasi, yurak va boshqa organlarning umumiy funktsiyasi to’g’risida ma’lumot beradi. Uyg’onish davrida dastlab organizmlar har xil sistemalarining anatomik tuzilishi, keyinchalik fiziologik funktsiyasi jadal o’rganila boshlandi (A.Vizaliy, M.Malpigi va boshqa ishlari). Hayvonlar ustida keng miqyosda tadqiqotlar olib borilishi natijasida U. Garvey kon aylanish sistemasini ochdi (1628); R.Boyl hayvonlar hayotida havoning ahamiyatini ko’rsatib berdi (1660); A.Lavuaze bu jarayonda kislorodning ahamiyatini aniqladi va hosil bo’ladigan issiqlik miqdorini o’lchadi (1775). R.Dekart miya funktsiyasining qaytarish (reflektorlik) xususiyati to’g’risida o’z fikrini bildirdi (1649); uning bu fikrini 2 asrdan so’ng Frantsiya olimlari J.Legallua, P.Fluransa, F.Majandi, ingliz olimi M.Xoll va Ch.Bella tajribalar orqali tasdiklashdi. Fiziologiyaning rivojlanishida L.Galvanining organizmlardagi bioelektrik jarayonlarni kashf etishi kata ahamiyatga ega bo’ldi. Bu kashfiyot tufayli zamonaviy elektrofiziologiyaga asos solindi. 19-asrdan boshlab fizika, kimyo va umumiy biologiya sohasidagi kashfiyotlar (to’qimalarning hujayraviy tuzilishi va evolyutsion ta’limotning yaratilishi) tufayli organizmlar funktsiyasini batafsil o’rganish boshlandi. 19-asrda miyaning reflektorlik faoliyati mexanizmini o’rganishga asos solindi; bu borada I.M.Sechenovnchng Markaziy tormozlanish tabiatini o’rganish sohasidagi ishlari katta ahamiyatga ega bo’ldi; bosh miya katta yarimsharlari po’stlog’ining sensorlik va o’tkazuvchanlik funktsiyalari to’g’risida dalillar olindi (nemis olimlari G.Fricha, E.Gitsiga ishlari); eshitish va ko’rish ta’limotlari yaratildi (nemis olimlari G.Gelmgols, E.Gering); nafas olish va yuraktomir faoliyatining nerv regulyatsiyasi aniqlandi (ingliz olimi K.Bernar, nemis olimi K.Lyudvich, ukrain olimi V.Ya.Danilevskiy, A.A.Mislavskiy ishlari); ovqat xazm qilish faoliyatining fermentativ mexanizmlari, ularning nerv va gumoral boshqarilishi yo’llari ochib beridtsi (nemis olimi R.Geydengayn, rus olimi I.P.Pavlov); ichki sekresiya bezlari kashf qilindi va fiziologik funktsiyalarning boshqarilishida gormonlar ahamiyati ochib berildi (frantsuz olimi Sh.BrounSekar); qonning transport va himoya funktsiyasi ko’rsatildi; organizm ichki muhitining doimiyligi (gomeostaz) va uning mexanizmlari to’g’risidagi tushunchalar shakllandi (K.Bernar, I.I.Mechnikov). 20-a.da fiziologik eksperimentlarda elektron kuchaytirgichlar, katodli ossillograflar, elektron mikroskop va boshqalardan foydalanish tufayli fiziologik funktsiyalarni tadqiq qilish imkoniyatlari kengaydi. Buning natijasida hujayrada kechadigan va organizm barcha funktsiyasi asosini tashkil etadigan jarayonlarni bevosita o’rganish mumkin bo’ldi. Xususan, tashqi qo’zg’atuvchilar resepsiyasining hujayra mexanizmi, nerv impulslarining paydo bo’lishi va tarqalishi, sinaptik o’tkazish va tormozlanish tabiati; muskul qisqarishi va sekresiya mexanizmlari aniklandi; reseptorlardan Markaziy nerv sistemasiga uzatiladigan signallarning kodlanishi va uzatilishi, nerv markaziga yetib keladigan axborotning har xil darajada qayta ishlanishi ochib berildi. I.P.Pavlov va shogirdlari shartli reflektorlik va ong asosini tashkil etadigan, bosh miya oliy bo’limlarida kechadigan nerv jarayonlari umumiy qonuniyatlarini ko’rsatib berishdi. Ichki sekretsiya bezlari funktsiyasini o’rganish tufayli Fiziologiyaning mustaqil soxasi — endokrinologiya paydo bo’ldi. Gormonlar va mediatorlar tarkibi aniqlanib, ko’pchilik gormonlar va ular ta’sirini tormozlovchi moddalarning sintezlanishi zamonaviy farmakologiyaning asosi bo’ldi. Nafas olish, yuraktomir, ekskretor va boshqa sistemalar funktsiyasining hujayra va sistema mexanizmlari ham batafsil o’rganildi. A.M.Ugolov va shogirdlari tomonidan oziq moddalarning ichak membranasida hazm bo’lishi mexanizmi ochib berildi. Zamonaviy Fiziologiyada odam va hayvonlarning psixik faoliyati mexanizmini o’rganishga katta e’tibor berilmoqda. Bu muammoni hal etishda bosh miya yarimsharlari funktsiyasini batafsil o’rganish, shartli reflekslar nozik neyronal mexanizmlarini tadqiq qilish katta ahamiyatga ega. Hozirgi uyqu, emosional va eksperimental nevrozlar mexanizmi ustida ham tadqiqotlar olib borilmoqda. Turli sensor sistemalarning axborotni qabul qilishi, uzatishi va qayta ishlashini o’rganishda olingan ma’lumotlar nutqning shakllanishi, uni tushunib olish, ko’rilgan obrazlar va eshitilgan tovush signallarini farklash mexanizmini bilishga yordam beradi. Odam turmushi va mehnat sharoitiga turli ekstremal omillar (emosional stress, iqlim va boshqalar) ta’sirini va muxit sharoitiga organizm moslashuvini tadqiq qilish ham bugungi Fiziologiyaning vazifasiga kiradi. Miya xotira funktsiyasiga taqlid qiladigan modellarning yaratilishi zamonaviy Fiziologiyaning eng so’nggi yutuqlaridan biri bo’ldi. O’zbekistonda Fiziologiya sohasidagi tadqiqotlar A.Yu.Yunusov, B.O. Toshmuhamedov, I.V.Danilov, A.I.Izrael, A.S. Shatalina, Z.T.Tursunov va boshqalar nomi bilan bog’liq. Fiziologiya sohasidagi asosiy tadqiqotlar o’ta noqulay sharoitga organizmning moslashuvi muammolarini o’rganishga oid. Issiq iqlim sharoiti gipodinamika (kam harakat), giperdinamika (ko’p harakat), og’riq, yetarli ovqatlanmaslik va boshqa omillarning ovqatning ichakda hazm bo’lishiga ta’siri mexanizmining ochib berilishi muhim tadqiqotlardan hisoblanadi (K.R.Rahimov, B.Z.Zaripov, Sh. Q. Qurbonov, B.A. Sodiqov, E.S.Mahmudov va boshqalar). Bir qancha ishlarda o’t suyuqligining oziq moddalarga ta’siri (U.Z.Qodirov), ichakdagi gidrolitik va transport sistemasi rivojlanishining ona va bola gormonal holati bilan bog’likligi ko’rsatib berildi (L.S.Qo’chqorova). Keyingi yillarda Fiziologiya sohasida o’zbek tilida bir qancha darslik va o’quv qo’llanmalari yaratildi (U.Z.Qodirov, Sh.Q.Qurbonov, K.T. Almatov, Q. Sodiqov va boshqalar). Ad.: Almatov K.T., Odam va hayvonlar fiziologiyasi, T., 2004; Qodirov U.Z., Normal fiziologiya, T., 1996. Bahodir Sodiqov.