JIZZAX

JIZZAX — Jizzax viloyatidagi shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Sangzor daryosi bo’yida, 460 metr balandlikda joylashgan. Toshkent—Samarqand temir yo’li va Katta O’zbekiston trakti yoqasida. Maydoni 0,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 132,5 ming kishi (2000; 1939 yil — 9 ming, 1959 yil— 15 ming, 1970 yil — 35 ming kishi), asosan o’zbeklar; rus, tatar, ukrain, eroniy va boshqalar ham yashaydi. Toshkentdan 203 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 1,5°, minimum temperatura -35°, iyulning o’rtacha temperaturasi 28,5°, maksimum temperatura -46°. Yunon solnomachilari Kiropol va Gazoni alohida tilga olishadi. Arxeologlar Gazo shahrining o’rnini aniq va asosli tayin etmasalarda, tarixiy manbalarda uni Samarqand va Toshkent oralig’ida joylashganligi aytiladi. Olimlar Gazoni qadigmi Jizzax deb taxmin qiladilar. Toponimist olimlar Jizzax nomini sug’diycha «Dizak» («Qal’acha») so’zi bilan bog’laydilar. Tarixda u Dizax nomi bilan yuritilgan. Jizzax O’rta Osiyodan o’tgan bir necha qadimgi karvon yo’lining tutashgan joyida vujudga kelgan. Yozma manbalarda ilk bor Arab geograf olimlari va sayyoxlaridan Ibn Havkal va Muqaddasiplarning asarlarida Ustrushonaning Faknon viloyatidagi shaxar deb tilga olinadi. Shahar arablar istilosidan oldin ham mavjud bo’lgan. Jizzax 9-10-asrlarda Somoniylar, 11 — 13-asr boshida Qoraxoniylar, Xorazm shohlar davlati, 14— 15-asrlarda temuriylar davlati, 16-18-asr 1-yarmida Buxoro xonligi, 18-asr 2-yarmidan 1866 yilgacha Buxoro amirligiga tobe bo’lgan. Shahar bir necha marta inqirozga uchrab, yana qayta tiklangan. 16-17-asrlarda aholi hozirgi eski bozordagi O’ratepaga ko’chgan. 19- asr 60-yillarida u ham xarobaga aylangan. Keyinchalik yana tiklangan. 19-asr 2-yarmidan Turkiston general gubernatorligi tarkibiga kiritilgan. Jizzaxda tegirmon, juvozxona, temirchilik ustaxonalari, kulolchilik korxonalari va boshqalar ishlab turgan. Shahar 16-19-asrlarda ko’pgina tarixiy voqealarning guvohi bo’lgan. 1571 yilda Abdullaxonning Dashti qipchoq xoni Boboxon va Toshkent hokimi Darveshxon bilan Jizzaxdagi to’qnashuvi shaharga ko’p talafot yetkazgan. 1866 yil 12-18 oktabrda Jizzax qal’asi rus bosqinchilari tomonidan to’pga tutilib, vayronaga aylantirilgan. 1916 yildagi Jizzax qo’zg’oloni, shahar rus mustamlakachilari tomonidan yana vayron qilinib, aholi shafqatsiz qirilgan. Jizzaxda 1920 yillardan boshlab yangi korxonalar qurilgan. 1930 yil mahalliy xom ashyo bilan ishlaydigan ohak zavodi, 1932 yil shahar elektr stansiyasi, 1942 yilda paxta zavodi, 1943 yilda qishloq xo’jalik mashinalarini ta’mirlaydigan zavod, 1949 yilda yog’-pishloq zavodi, 1960 yilda O’zbekistonda eng yirik binokorlik materiallari kombinati ishga tushdi. Mirzacho’l va qarshi cho’llarini sug’orish uchun polietilen quvurlar va polixlorvinil mahsulotlari ishlab chiqariladigan kimyo kombinati (1969), elevator, un zavodi va aralash yem ishlab chiqariladigan tsexdan iborat un kombinati qurildi (1970). 1971 yilda g’isht zavodi va Toshkent trikotaj firmasi filialining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, non zavodi, tikuvchilik fabrikasi mahsulot bera boshladi. Jizzaxda 30 dan ortiq sanoat korxonasi ishlab turibdi. Ular orasida badiiy kulolchilik buyumlari korxonasi, «So’g’diyona» firmasining tibbiyot markazi, sut-yog’, elektromexanika zavodi, qurilish materiallari kombinati, temir-beton plitalar ishlab chiqarish korxonasi, ip yigiruv, paypoq to’qish, ustki trikotaj, mebel fabrikalari bor. Jizzaxda «Sogplast- maskan» (O’zbekiston—Suriya), «bazalt» (O’zbekiston—Ukraina), «kumush» (O’zbekiston—Tojikiston), «Jibri» (O’zbekiston—Angliya) qo’shma korxonalari ishlab turibdi. 30 dan ziyod qurilish tashkiloti faoliyat ko’rsatadi. Shaharda istiqlol bog’i, yopiq suv havzasi, ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo’limi, «Paxtabank», «Asakabank», «G’allabank», «Uy-joy qurilish sanoat banki», «Osiyo» bozori, «Baxmal» savdo uyi, Xotira xiyoboni, bolalar istirohat bog’i kabi yirik inshootlar foydalanishga topshirildi. Shahar mahallalarida yashovchi aholi uchun Olmazor, Toshloq, Ulug’bek, Zargarlik, Kimyogar, Bobur, Hamzaobod, O’ratepalik, Hayrobod, Ravallik nomli zamonaviy mahalla guzarlari mavjud. Shahardagi 280 ga yaqin ko’chaning uzunligi qariyb 240 kilometrni tashkil qiladi. Jizzaxdan Toshkent shahriga, shuningdek, Respublikaning boshqa viloyat markazlariga avtobus qatnaydi. Shahar ichida trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Aholiga 600 dan ziyod savdo va bir qancha maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari xizmat qiladi. Shaharda 3 oliy, 7 o’rta maxsus o’quv yurti, 2 kasb-hunar, 2 akademik hamda biznes litseyi, gimnaziya, 30 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi bor. Musiqali drama, qo’g’irchoq teatri, telemarkaz, 8 bolalar kutubxonasi (87 ming kitob), «O’zbeknavo» viloyat kontsert bo’limi, «O’zbekraqs» birlashmasining viloyat bo’limi, 2 muzey, 2 musiqa, 4 san’at maktabi mavjud. 3 sport maktabi, Markaziy stadion, 2 futbol maydoni, 2 suzish havzasi, tennis korti, 32 sport zali va bir qancha sport maydonlari faoliyat ko’rsatadi. O’rda, Bobo Yak, Qaliyatepa, Nuriddin Hoji madrasasi kabi tarixiy va me’moriy yodgorliklar saqlanib qolgan. Jizzaxda ya.G’. G’ulomov (1951, 1960-61), H. Muhamedov (1956-59), M. Aminjonova (1964), S. Rahimov (1966-70), R. A. Badaxov (1980), O’. Alimov (1982— 84) va b. arxeologik qazishlar olib borganlar. Jizzax hududidagi Uchtepa mavzesidagi 3-4-asrlarga oid mozortepalardan turli sopol parchalari, tangalar topildi. Jizzax yaqinida 1955 yil Ya. G’. G’ulomov jez davriga oid tosh kursini topgan. Jizzaxdan ko’pgina mashhur kishilar: davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov, shoir Hamid Olimjon, adib Sarvar Azimov, O’zbekiston xalq artisti Xosiyat Azimova, 1941-45 yillar urushi qaxramonlari J. To’raev, E.I. Ivanin, G.M. Gubarkov, Mehnat Qahramoni B. Pirmatov va b. etishib chiqqan. Shaharda «Jizzax ovozi» gazeta muntazam nashr etiladi (adadi 2000). Ad.: Haydarov H., Jizzax viloyati tarixi, T., 1996.