ABDURAHMON

ABDURAHMON (1844-1901.1.10) – Afg’oniston amiri (1880-1901). Do’stmuhammadxonning nabirasi. Taxt uchun o’zaro nizolarda mag’lubiyatga uchragach, Turkistonga qochgan (1869). 1878-80 yillardagi ingliz-afg’on urushi davrida vataniga qaytib, shimoliy Afg’onistonda o’z hokimiyatini o’rnatgan (1880). 1880 yil 31 iyulda Zammada Afg’oniston amiri deb tan olingan. Abdurahmon Afg’onistonning hududiy yaxlitligini saqlashga intilgan, biroq Angliyaning zo’ravonligi ostida «Dyurand chizig’i»ni Afg’onistonning Sharqiy chegarasi deb tan olishga majbur bo’lgan (1893). Unga ko’ra, ko’plab afg’on aholisi yashaydigan hududlar Angliyaning Hindistondagi mulklari qatoriga kiritilgan. Abdurahmon ichki nizolarga barham berib, mamlakat xo’jaligini mustahkamlashga imkon yaratgan.