ABDURAHMONOVA Dilbar G’ulomovna kim bo’lgan?

ABDURAHMONOVA Dilbar G’ulomovna (1936.1.5, Moskva) — dirijyor. O’zbekiston xalq artisti (1969), G’. Abdurahmonovning qizi. R. Gliyer nomidagi musiqa maktabini (1945-55), Toshkent davlat konservatoriyasini tugatgan (1960). 1957 yildan Navoiy teatri simfonik orkestrida skripkachi, 1960 yildan dirijyor, 1974-1990 yillarda bosh dirijyor. Ilk bor J. Verdining «Aida» operasiga dirijyorlik qilgan. Repertuarida o’zbek va chet el kompozitorlarining opera va baletlari mavjud. 70 – yillarda asosan, balet spektakllari dirijyori sifatida Shuhrat qozondi. «Oqqush ko’li» (P. Chaykovskiy), «Boqchasaroy favvorasi» (B. Asafev), «Jizel» (A. Adan), «Spartak» (A. Xachaturyan), «Sevgi tumori» (M. Ashrafiy), «Semurg'» (B. Brovsin), «Tanavor» (A. Kozlovskiy) va boshqalar shular jumlasidan. Abdurahmonova 70 – yillarning oxiri — 80 – yillarda «Masxarabozlar» (R. Leonkavallo), «Bo’ron» (S. Vasilenko, M. Ashrafiy), «Hayotbaxsh o’lim» (A. Xolminov), «Olovli farishta» (S. Prokofev), «Otello» (J. Verdi) va boshqa operalarni to’liq tahrirda sahnalashtirdi. Kasbiy mahorat, musiqa dramaturgiyasini ishonarli ochib berish Abdurahmonova ijodiga xos. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).