AVGUST

AVGUST (lotincha Augustus) — taqvim yilining 8 – oyi, 31 kunlik. Rim imperatori avgust nomi bilan atalgan.

AVGUST (miloddan avvalgi 27 yilgacha ismi Oktavian bo’lgan) (miloddan avvalgi 63 — milodiy 14) — Rim imperatori (miloddan avvalgi 27 — milodiy 14), Yuliy Tsezarning nabira jiyani, vasiyatiga ko’ra o’g’il qilib olingan. Avgust huquqi cheklanmagan hokim bo’lib olgach, Senat unga avgust (xudolar tomonidan sharaflangan) degan faxriy unvon bergan. Tsezarning o’limidan so’ng boshlangan fuqarolar urushi (miloddan avvalgi 43— 31) ni aktsiy yonidagi jangda Rim sarkardasi Mark Antoniy va Misr malikasi Kleopatra ustidan g’alaba qozonish bilan yakunlagan. Avgust printsipat («princeps» — Senat qatnashchisi) deb ataluvchi siyosiy rejimga asos solgan. Bu davlat tuzumi respublika shaklidagi monarxiyaga o’xshaydi. Unda ilgarigidek, Senat va respublika lavozimlari saqlanib qolgan. Ammo butun hokimiyat Avgust qo’l ostiga o’tgan. Xalq Majlisining ta’siri tugagan. Avgust mamlakatning yirik quldorlari va Rim armiyasiga tayanib ish ko’rgan. Avgust o’z tashqi siyosatida g’arbga nisbatan bosqinchilik siyosati yurgizgan bo’lsa, sharqqa nisbatan diplomatik muzoqaralar yordamida Rim davlatining hokimligini yoyishga intildi. Keyinchalik «avgust» imperatorlar unvonini anglatuvchi terminga aylangan.