AVTOMATLASHTIRISH TEXNIKA VOSITALARI
AVTOMATLASHTIRISH TEXNIKA VOSITALARI — turli jarayonlarni avtomatlashtirishga imkon beruvchi asbob va qurilmalar. Vazifasi: a) texnologiya jarayonidagi parametrlarning o’zgarishi haqida nazorat signallarini qabul qilish, b) axborotni uzatish, v) axborotni o’zgartirish va saqlash, uni dasturdagi axborot bilan taqqoslash va buyruq axborotini tuzish (axborotni ishlab chiqish), g) buyruq axborotini texnologik jarayonga tatbiq qilish. Nazorat axborotni qabul qilish vositalari (asboblar, qurilmalar, datchiklar) nazorat qilinuvchi parametr ta’sirini sezuvchi va shu parametrni mexaniq issiqlik, optik va elektr parametrlarga aylantirib beruvchi organlardan iborat. Axborotni uzatish vositalari — aloqa liniyalari. Datchiklardan chiqadigan signallar aloqa liniyalari orqali uzatiladi. Signallarni uzoq masofaga uzatish uchun datchikdan chiqadigan signallar maxsus o’zgartirgichlar yordamida uzatishga mos shaklga keltiriladi. Axborotni ishlab chiqish vositalari — registratorlar (qayd qilgichlar), signalni o’zgartiruvchi qurilmalar, hisoblash jihozlari va mashinalari, boshqarish va taqsimlash qurilmalari, kommutasiya (o’zgartirish) uskunalari. Buyruq (komanda) axborotini uzatish vositalari, asosan, nazorat axborotni uzatish vositalariga o’xshaydi. Axborotni texnologiya jarayoniga tatbiq etuvchi qurilmalar — buyruq signalini kuchaytiruvchi, uni ijro etuvchi elementlar va rostlovchi organlardan iborat.