AVTOTEBRANISHLAR

AVTOTEBRANISHLAR – biror tizimda tashqi ta’sir ishtirokisiz yuzaga keladigan so’nmas tebranishlar. Bunda tebranishlar amplitudasi va davri shu tizimning o’z xususiyatlari bilan aniqlanadi. Avtotebranishlar shu xususiyati bilan amplitudasi va davri tashqi ta’sirga bog’liq bo’lgan majburiy tebranishlardan farq qiladi. Avtotebranishlar vujudga keladigan tizimlar avtotebranma tizimlar deyiladi. Ko’pchilik hollarda avtotebranma tizimlar 3 asosiy element: tebranma tizim, tebranishlarni so’ndirmaslik uchun energiya manbai va manbadan tebranma tizimga energiya uzatilishini boshqaruvchi qurilmadan tashkil topadi. Masalan, soatlarda bu 3 element — mayatnik, siqilgan spiral prujina va ankerli mexanizmdir. Avtotebranishlarga spiral prujina energiyasi yoki ko’tarilgan yuk energiyasi hisobiga ishlaydigan soatlar mayatnigining tebranishi, lampali generatordagi elektr toki tebranishlari va boshqalar misol bo’la oladi.