AGAFOKL

AGAFOKL (miloddan avvalgi 360-289) – kulol, lashkarboshi, Sirakuza hukmdori (tirani, 317 yildan). So’nggi tiraniya vakili. Yollanma askarlar va xonavayron bo’lgan fuqarolarga tayanib Sirakuzadagi oligarxiyani ag’darib tashlagan. 313 yilga kelib Sitsiliyadagi deyarli barcha yunon shaharlarini bosib olgan. Hokimligi davrida Sitsiliyaga egalik qilish uchun Karfagenga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. Taxminan 305 yil «Sitsiliyaliklar podshosi» unvonini olgan. 299 yil Kerkiru oroli (Korfu) ni zabt etgan. Janubiy Italiyaga harbiy safari paytida vafot etgan. Agafokl hukmdorlik yillari Sirakuzaning kuch qudrati va madaniy ravnaqi yuksalgan davr bo’lgan.