AGREGAT
AGREGAT (lotincha aggrego — birlashtiraman, ulayman) — 1) texnikada mashina yoki mashinalar majmuining bir xillashtirilgan, yiriklashtirilgan uzeli; alohida vazifalarni mustaqil bajaradi, o’zaro almashinuvchan bo’ladi, masalan, ichki yonuv dvigatellari, avtomobillarning oldingi va ketingi ko’priklari, elektr dvigatellar, nasoslar va boshqalar. Ba’zan 2 va undan ortiq mashinalar majmui ham Agregat deb ataladi; 2) petrografiya va mineralogiyada — tog’ jinslari tarkibidagi minerallar yig’indisi. Donachalarining shakli va tarkibi bo’yicha xillarga hamda tsementlangan, yumshoq, g’ovak, zich, sertuproq xillarga bo’linadi.