FOTOGRAMMETRIYA

FOTOGRAMMETRIYA (foto… gramma va metriya) — ob’yektlarning shakli, o’lchami va o’rnini ularning fotosuratlardagi tasviridan aniklash bilan shug’ullanuvchi ilmiy-texnikaviy fan. Ob’yektlarning fotosuratlari bevosita maxsus fotoapparatlarda, radiolokasion, televizion, infraqizilissiqlik, lazer, elektron va boshqalar optik tizimlar yordamida olinadi. Fotogrammetriyada ob’yektning yakka yoki bir-birini ma’lum darajada qoplab turadigan qo’sh suratlar (stereojuftlar) dan foydalaniladi. Fotogrammetriyaning ob’yektlarni qo’sh suratlar bo’yicha o’rganadigan bo’limi stereofotogrammetriya deb ataladi. Olingan fotosuratlar analitik usulda o’rganiladi (taxlil qilinadi). Bu usuldan tashqari, fotogrammetrik asboblar (fototransformatorlar, stereograf, stereoproektor va boshqalar)dan foydalanishga asoslangan analogiya usullari ham qo’llanadi. Fotogrammetriya usullarida tinch turgan va harakatdagi ob’ektlarni o’rganish mumkin. Ob’yektni bevosita o’rganishning imkoni bo’lmagan (masalan, uchib ketayotgan samolyot yoki otilgan snaryadni o’rganish), yo bo’lmasa, ob’yekt joylashgan zonada insonning bevosita bo’lishi xavfli bo’lgan hollarda (mas, otilayotgan vulkan, yadro portlashi va boshqalar)da Fotogrammetriya usullari qo’l keladi. Fotogrammetriya Yer, sayyoralar, oy xaritalarini tuzishda, muhandislik inshootlarini loyihalashda, geodeziya, harbiy ish, kosmik tadqiqotlar va boshqalarda keng qo’llanadi.