«FORD MOTOR»

«FORD MOTOR» — jahondagi eng yirik avtomobil kompaniyalaridan biri. 1903 yilda AQSh avtomobil sanoati asoschilaridan biri, sanoatchi Genri Ford tomonidan tashkil etilgan. Boshqaruv idorasi Michigan shtatining Dirborn shahrida, eng katta zavodi Deytroyt shahrida joylashgan. Turli rusumdagi yengil, yuk avtomobillari, turli qishloq xo’jalik texnikasi (traktorlar) ishlab chiqaradi. «Ford motor» dastavval ishni arzon avtomobillarni i.ch.dan boshladi. «Ford motor»da jahonda birlamchi bo’lib avtomobillarni yigishda standartlashtirish va konveyer usuli qo’llanildi. 8 soatlik ish vaqti joriy qilindi. «Ford motor» 20-asrning 90-yillari oxiriga qadar yangi zavodlar qurish, boshqa avtomobil kompaniyalarini sotib olish hisobiga kengaydi. «Ford motor»da avtomobillarning «Ford», «Lincoln», «Mercury», «Jaguar», «Aston Martin», «Mustang» kabi 70 dan ortiq modellari yaratildi va ishlab chiqarildi. 1996 yilga kelib «Ford motor» konveyeridan jami 250 million avtomobil chikdi. 1998 yilda kompaniya yengil va yuk avtomobillari ishlab chiqarish hajmi bo’yicha jahonda 2-o’rinni egalladi. «Ford motor» AQShdan tashqari dunyoning 30 mamlakatida o’zining ishlab chiqarish, yig’uv va savdo markazlariga, shuningdek, «Mazda Motor», «Kia Motors Corporation» kompaniyalari aktsiyalarida ulushga ega.