XABAROVSK
XABAROVSK (1893 yilgacha Xabarovka) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1880 yildan), Xabarovsk o’lkasi markazi, Amur daryosining o’ng sohilidagi port. Uzoq Sharqning muhim transport yo’llari chorrahasi. Temir yo’l stantsiyasi. Aeroport bor. Aholisi 583,1 ming kishi (2002). Shahar 1858 yil Xabarovka harbiy posti sifatida vujudga kelgan, 1880 yildan Primore viloyatining ma’muriy markazi. 1884 yildan Priamure general-gubernatorligi markazi. 1893 yildan rus sayyohi E.P.Xabarov sharafiga Xabarovsk deb atalgan. 1902 yilda Xabarovskda «Arsenal» harbiy zavodi qurilgan. 1904 yildan Amur harbiy Flotining bazasi. 20-asr boshlarida Xabarovsk Uzoq Sharqning yirik savdo markaziga aylandi. 1926-38 yillarda uzoq Sharq o’lkasi markazi. Mashinasozlik va metallsozlik (stanoksozlik, kemasozlik va kema ta’mirlash, kabel va boshqa zavodlar), neftni qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor; qurilish materiallari ishlab chiqariladi, kimyofarmasevtika zavodi faoliyat ko’rsatadi. 8 oliy o’quv yurti, 7 ilmiy tadqiqot instituti, 3 teatr, o’lkashunoslik, adabiyot, badiiy muzeylar, telemarkaz bor. Shahar atrofida 3 sanatoriy, dam olish uylari mavjud.