JABBOROVA DILAFRO’Z ABDURAHIMOVNA

JABBOROVA DILAFRO’Z ABDURAHIMOVNA (1950.5.7, Toshkent) — raqqosa. O’zbekiston xalq artisti (1984). Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining xalq raqslari bo’limini (1967), Toshkent davlat madaniyat institutining xoreografiya bo’limini (1983) tugatgan. «Shodlik» ashula va raqs ansamblida (1967-78), Navoiy teatrida (1978-82), «O’zbekkontsert» birlashmasida (1982-86), 1986 yildan M. Qoriyoqubov nomidagi O’zbek davlat Filarmoniya gastrol-kontsert birlashmasida yakkaxon raqqosa. 1990— 2001 yillar «Shodlik» (1996 yildan «O’zbekiston») ashula va raqs ansamblining badiiy rahbari. Ijrosidagi raqslar sho’xchanligi, jo’shqin harakatlarga boy va ifodaviyligi, ayol qalbidagi ishq, dardu alam, quvonchlarni nozik ishvalarda ifoda etuvchi chiroyli xiromi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi raqslari: «dil kuylasin», «Gulruh», «Daryoi Azim», «Surnay lazgisi», «noz etar», «o’sma qo’yibdi qoshiga», «raqqosa», «tanavor», «uynasangiz», «Munojat» va boshqalar. «Karmen» (J. Bize) operasida Farandou partiyasini ijro etgan. Repertuaridan hind, Chili, uyg’ur, rus, Eron, turk, afg’on, lo’li va boshqalar. Xalqlar raqslari o’rin olgan. AQSh, Avstraliya, Belgiya, Vetnam, Germaniya, Suriya, G’arbiy Berlin va boshqa mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. Jabborova ijodiga bag’ishlangan «Dilafro’z Jabborova raqsga tushadi» telefilmi suratga olingan (1984).