JABRA

JABRA (branchtae), oyquloq — suv hayvonlarining gaz almashinuv organi. Kelib chiqishi va tuzilishi har xil bo’lgan tana o’simtasidan iborat. Jabrada qon (yoki limfa) tomirlari qalin to’r shaklida tarmoqlangan. Tomirlarning yupqa devori orqali qon yoki tana suyuqligidan atrof muhitga SO2 ajralib, undan O2 yutiladi. Halqali chuvalchanglar Jabrasi juda oddiy tuzilgan bo’lib, Parapodiylarida (erkin o’rmalab yashovchilar) yoki boshida (nay ichida yashovchilar), ko’pchilik yuksak qisqichbaqasimonlarda esa ko’krak oyoqlari asosida yoki tanasining ikki yonida joylashgan. Hasharotlar suvda yashaydigan lichinkalarining traxeya Jabralari yupqa devorli o’simtadan iborat bo’lib, tananing har xil joyida o’rnashgan o’simtaga uchi berk traxeya naychalari kirib turadi. Mollyuskalar Jabrasi ktenidiy yoki plastinkasimon. Ignaterililarniki (dengiz tipratikanlari va yulduzlari)niki ichi suyuqlik bilan to’lgan teri o’simtalaridan iborat. Suvda yashovchi xordalilar halqumi devorida bevosita yoki jabra oldi bo’shlig’i orqali tashqi muhitga ochiladigan Jabra yoriqlari bo’ladi. Ichak bilan nafas oluvchilar, qobiqlilar va bosh qutisizlar Jabra yoriqlari oralig’idagi to’siq qon Kapillyarlari bilan ta’minlangan. Jabra yoriqlari orqali suv bilan qon o’rtasida gaz almashinuvi ro’y beradi. Baliqlar Jabra yoriqlari Jabra yoylari bilan to’silgan. Tog’ayli baliqlar Jabra yoylarida Jabra varaqlari joylashgan. Suyakli va ayrim tog’ayli baliklar Jabra varaqlari 2 qator bo’lib sirtdan Jabra qopqoqlari bilan yopilgan. Bu qopqoqlar og’iz bilan bir vaqtda ochilib yopiladi. Jabra varaqlari sirtidagi yupqa burmalar Jabraning nafas olish yuzasini kengaytiradi. Faol suzadigan baliqlar Jabra yuzasi kam harakat baliqlarga nisbatan ancha keng. Suvda va quruklikda yashovchilar lichinkalarida tashqi Jabra bo’ladi. Jabra suv- tuz almashinuvi, suv va tuz ionlarini shimib olish va ajratishda hamda ammiak va mochevina ionlarini ajratib yuborishda muhim ahamiyatga ega.