GAVIAL

GAVIAL (Gavialis gangeticus) — timsohlar turkumiga mansub tur. Tanasining uzunligi 6,6 metrgacha, orqa tomoni qoramtir, qo’ng’ir-yashil; qorin tomoni sarg’ish-yashil. Tumshug’i uzun va ingichka, oldingi uchi kengaygan. Erkaklari tumshug’ining kengaygan uchida yumshoq to’qimadan iborat o’simtasi bo’ladi. Bu o’simta hind sopol tuvagiga o’xshash bo’lganidan bu hayvonlarga gavial, ya’ni tuvak (ghara) degan nom berilgan. Tishlari uzun, ingichka va o’tkir, yuqori jag’ida 27 ta, pastkisida 24 ta. Hindiston yarim oroli va Myanmadagi Hind, Gang, Maxanadi, Brahmaputra, Kolodana Daryo tizimlarida tarqalgan. Asosan baliqlar, ba’zan qushlar va mayda sut emizuvchilar, o’limtiklar bilan oziqlanadi. Hayotining ko’p qismini suvda o’tkazadi. Urg’ochisi 40 tagacha tuxum qo’yadi. Gavial odam uchun hech qanday xavf tug’dirmaydi. Noyob tur sifatida xalqaro qizil kitobga kiritilgan.