GO’JA
GO’JA — qo’qonjo’xori (oq jo’xori) yoki qayroqi bug’doydan tayyorlanadigan suyuqtaom. Go’ja tayyorlash uchun avvalo donga ishlov beriladi. Buning uchun oq jo’xori yoki bug’doy tozalanib, bir oz namlangach, yog’och kelida tuyib, yelpib, kepak va qipikdan tozalanadi. Bu ish 2-3 marta takrorlanadi, so’ng yaxshilab yuviladi. Sutli Go’ja, qatiqli Go’ja, jazli Go’ja, achitma Go’ja kabi turlari bor. Sutli Go’ja — don pishguncha suvda qaynatiladi, ortiqcha suvi to’kib tashlanib, sut quyiladi, taomga to’g’ralgan oshqovoqsolish ham mumkin. Tuzi rostlangach, qozonni olovdan olib, bir oz dam yediriladi. Qozon yuzi qaymoq bog’laganda kosalarga suzib dasturxonga tortiladi. 100 gramm donga o’rtacha 300 gramm sut, 50 gramm oshqovoq, ta’bga ko’ra tuz solinadi. Qatiqli Go’ja — qozonda yog’ni dog’lab piyoz qovuriladi va suv quyib qaynatiladi. So’ngra tayyorlab qo’yilgan don (oq jo’xori)ni solib, 1 soat davomida mildiratib qaynatib ochiltiriladi. Tayyor taomni olovdan olib, cho’mich bilan shopirib sovitiladi. Qatiq yoki suzmani yaxshilab iylab qo’shib yuboriladi. Kosalar yuziga kashnich sepilgan holda dasturxonga tortiladi. Achitma Go’ja — qatiqlangan go’ja oshi sovitib, sanochga yoki sopol ko’zaga solinadi. Taom bir necha soatdan so’ng bijg’iy boshlaydi. Har zamon — har zamonda bir aralashtirib qo’yiladi. Bu taom jazirama issiq kunlari ishtaha ochuvchi, shuningdek, chanqovbosdi ichimlik sifatida iste’mol qilinadi. Jazli Go’ja — yog’ni dog’lab, mayda to’g’ralgan piyoz qizarguncha qovuriladi, suv quyiladi, tayyorlangan donni solib, 40-45 minut davomida mildiratib qaynatiladi. Doni yarim pishgach, qozonga mayda to’g’ralgan yoki qiymalangan go’sht, 1 santimetr kattalikda to’rtburchak qilib to’g’ralgan sabzi va sholg’om solib yana 20 minut qaynatiladi. Qozonni olovdan olib, dam yediriladi va dasturxonga tortishda yuziga ko’k piyoz, boshqa xil oshko’klar sepiladi.