GULISTON TUMANI
GULISTON TUMANI – Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1952 yil 16 aprelda tashkil etilgan. Viloyatning Sirdaryo, Boyovut, Sayxunobod, Mirzaobod, Sharof Rashidov tumanlari, Toshkent viloyatining Bekobod tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,35 ming km2. Aholisi 50,1 ming kishi (2000). Guliston tumanida 1 shaharcha (Dehqonobod), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Beshbuloq, Zarbdor, Ko’nchi, Oltintepa, Oltin O’rda, Soibobod, Sohilobod, Chortoq, Humo) bor. Markazi — Dehqonobod shaharchasi. Tabiati . Guliston tumani Mirzacho’l tekisligining sharqida joylashgan. Yer yuzasi tekislik (o’rtacha balandligi 250 metr), lyossimon qumoq va qumloqlar bilan qoplangan. Iqlimi kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28°, yanvarniki — 2° dan -4° gacha. Yiliga 200-300 millimetr yog’in tushadi. Grunt suvlari sho’r va sho’rtob. Tuman hududidan «Do’stlik» kanalining o’ng tarmoq va Chap tarmoq ariqlari o’tadi. Oqindi sho’r suvlarni chiqarib yuborish uchun kanal, ariq va zovurlar qazilgan. Sirdaryoning chap sohilida bahorgi toshqin suvlarining to’planishidan hosil bo’lgan Achchiqko’l bor. Tuproqlari, asosan, bo’z tuproq. Sirdaryo sohili sug’oriladigan o’tloqi allyuvial tuproklardan iborat. Mirzacho’l o’zlashtirilishi bilan dasht ekinzorlarga aylantirildi. Tabiiy o’simliklardan miya, yantoq, qamish, yulg’un, qiyoq kabilar ariq-zovurlar chetida, shuningdek, Sirdaryo yoqasida o’sadi. Chiyabo’ri, to’qay mushugi, bo’rsiq, qo’shoyoq, ko’rsichqon, kaltakesak va ilonlar uchraydi. Parrandalardan o’rdak, loyxo’rak, qirg’ovul, so’fito’rg’ay, chumchuq va boshqalar bor. Aqolisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari yashaydi. 1 kilometr kvadratga 143 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 10,5 ming kishi, qishloq aholisi 39,6 ming kishi. Xo’jaligining asosi — dehqonchilik. Yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 24850 gektar, ekinzorlar 21938 gektar, shu jumladan 12729 gektar paxta, 122 gektar sabzavot va poliz ekinlari, 466 gektar beda, 8250 ming gektar g’alla ekinlari, 400 gektar makkajo’xori va boshqa ekinlar bilan band. Guliston tumanida 3 jamoa xo’jaligi, 11 dehqon-fermer xo’jaliklari uyushmasi va shirkatlar, 130 dan ziyod dehqon-fermer xo’jaligi va boshqa xo’jaliklar bor (1998). Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qariyb 18 ming qoramol, 7600 ga yaqin qo’y va echki, 567 ot, 16 ming parranda boqiladi (1998). Guliston tumanida avtokorxona, 3 paxta punkti, 46 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi ishlab turibdi. Avtomobil yo’llari uzunligi 125 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Guliston 24 kilometr. 30 ga yaqin umumiy ta’lim maktabida 10,5 ming o’quvchi, «umidli yoshlar» litseyida 105 o’quvchi, Dehqonobod qishloq xo’jalik litseyida 407 o’quvchi, 1 internat maktabda 253 o’quvchi ta’lim oldi. 23 jamoat va bolalar kutubxonasi, klublar, madaniyat uyi faoliyat ko’rsatmoqda. 350 o’rinli kasalxona va dispanser, 10 ambulatoriya, 5 qishloq tibbiyot punkti bo’lib, ularda 65 vrach, 431 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. «Onalar va bolalar» viloyat fizioterapiya shifoxonasi Guliston tumani hududida joylashgan. 1930 yildan «Guliston» tuman gazeta chiqadi. Guliston tumanida stadion, 12 futbol maydoni, 18 sport zali, tennis maydoni mavjud, 56 xususiy savdo shoxobchasi, bozor ishlab turibdi. 1986 yil Alisher Navoiy nomli Madaniyat saroyi qurilgan. Guliston tumani markazidagi hiyobonda 1941-45 yillar urushi qurbonlariga yodgorlik monumenti o’rnatilgan.