AZKAMAR

AZKAMAR — Ziyovuddin tog’larining Janubiy-g’arbiy qismidagi plato. Shimolda Malik cho’li (Qiziltepa platosi), Janubda Qarnob cho’li bilan tutashgan. Mutlaq balandligi 300-350 metr. Azkamar neogenning oqchagil va Apsheron yaruslari (Kosontov, sadivar svitalari) ning alevrolit, gil va ular orasidagi qumtosh va gravelitlardan (1-3 metr) tashkil topgan. Azkamarning yuzasi quyi to’rtlamchi davrning allyuvial-prolyuvial jinslari (Azkamar majmuasi) dan tuzilgan. Azkamarning shimoliy yon bag’ri qiyaroq, Janubda esa tik, suvayirg’ich qismida egarsimon botiq bo’lib, yon bag’irlarida kuestasimon shaklda jarliklar hosil bo’lgan. Azkamarning Sharqiy qismi — Ziyovuddin tog’lariga tutashgan joy relyefi juda o’ydim-chuqur. Azkamarda sho’rtob bo’z qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan, oqjusan o’sadi. Azkamar yaylovlarida Qorako’l qo’ylari boqiladi.