AYMOQLAR

AYMOQLAR — Afg’oniston va O’zbekistonda yashovchi bir qancha turkiy qabila, urug’larning umumiy nomi. 15-16-asrlarda Farg’ona vodiysida, hozirgi Qashqadaryo viloyatida yashagan. Asrlar o’tishi bilan O’zbekiston hududidagi Aymoqlar o’zbeklar tarkibiga kirib, o’z qabila, urug’ nomlarini yo’qotgan, faqat bularning bir qismi Qashqadaryo viloyatida o’z qabila nomlarini (aymoq) saqlab kelgan. Afg’onistonda yashagan Aymoqlar tarkibiga fors-tojik tillarida gapiruvchi bir qancha qabila, urug’lar kiradi. Hozirgi vaqtda Aymoqlar — Afg’onistonning shimoliy-g’arbida yashovchi ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi (firuzko’hi, Tayman, Jamshid, Taymurlar) turkiy va tojik tillarida gapiruvchi xalqlarning nomidir. Aymoqlar Afg’oniston, O’zbekistondan tashqari Eronda ham yashaydilar (ular Tayman guruhiga mansub bo’lib, umumiy soni 0,6 million kishi). Aymoqlar Islom dinida bo’lib, bir qismi sunniy, bir qismi shia mazhabida.