AYNIY SURILMASI

AYNIY SURILMASI – 1964 yil 24 aprel. Toshkent vaqti bilan soat 13 dan 30 minut o’tganda Zarafshon daryosining yuqori oqimida, Tojikistondagi Ayniy (sobiq Zahmatobod) qishlog’idan 1 kilometr yuqorida (Samarqand shahridan 140 kilometr Sharqda) tog’ jinslarining surilishi natijasida vujudga kelgan tabiiy to’g’on. To’g’onning balandligi 130-150 metr, uzunligi 750 metr, eni 1000 metr. To’g’on maydalangan slanes, qumtosh, ohaktoshlar, xarsang toshlar, qumoq va loy aralashmasidan iborat bo’lgan. Zarafshon daryosida bunday katta tabiiy to’g’onlar avvallari ham bo’lib turgan. Chunonchi, 1888 yil yanvar oyi o’rtalarida hozirgi Ayniydan 8 kilometr yuqoridagi Sangiston qishlog’i ro’parasida Zarafshon daryosi to’g’on bilan to’silgan. To’g’onni ochish uchun qariyb 1000 kishi 2 oydan ko’p urinib suvga kichkina yo’l ochishgan. Biroq uzunligi 15-20 kilometr keladigan ko’l suvi to’g’onni urib, daryo bo’yidagi ko’p qishloqlarni yuvib ketgan. Bundan tashqari, Ayniy tabiiy to’g’oni bo’lgan joyda va undan 20-25 kilometr yuqorida (Zarafshon daryosi bo’yida) surilish izlari saqlanib qolgan. Ayniy to’g’onining paydo bo’lishiga quyidagilar sabab bo’lgan: yomg’ir va qor suvlari bir necha yillar tog’ jinslari orasiga singib kelgan, natijada bo’sh jinslar o’z tagidagi qattiq jinslardan ajrala boshlagan. 1964 yil aprelda boshqa yillardagi o’rtacha 50 millimetr o’rniga uch martadan ham ortiqroq yog’in tushdi. Bu ham surilma hodisasini tezlashtirdi. Qulagan yon bag’irning yuqori qismidagi buloq suvlari ham surilma sodir bo’lishiga sabab bo’lgan. Ayniy qishlog’idagi surilma nishonlari 1961 yildayoq sezilaboshlagan edi. 1961 yil bahorida Zarafshon o’zanidan 700— 750 metr balandlikda yoriq paydo bo’lib, asta-sekin kengaya borgan. 1964 yil 24 aprel kuni Samarqand seysmik stansiyasi Toshkent vaqti bilan soat 13 dan 15 minut o’tganda 4 balli zilzila bo’lganligini qayd qilgan. To’g’on hosil bo’lgandan so’ng Zarafshon irmoqlari — Fondaryo bilan Mastchoxdaryo suvi butunlay to’silib, hosil bo’lgan ko’l suvi sathi kuniga 3-5 metrdan ko’tarila borgan. Zudlik bilan to’g’on ochib yuborilmasa, to’g’onni suv urib ko’p yerlarni suv bosib ketish xavfi tug’ildi. Xavfni bartaraf etish maqsadida to’g’onning shimoliy qismida daryoning qadimgi terrasasi bo’ylab to’g’onni qirqib kanal ochishga kirishildi. Kanal Zarafshon daryosining o’ng qirg’og’idan boshlandi. Ayniy ko’li suvini asta-sekinlik bilan oqizib yuborish eng zarur shartlardan biri edi. 6 may kuni tayyor bo’lgan kanaldan dastlab 2 metr kub/sekund, 9 mayga borib 800 metr kub sekund suv tusha boshladi. 8 mayda ko’l sathi eng yuqori darajaga ko’tarildi (chuqurligi 72 metr, suv hajmi 90 million metr kub). Kanal yuvilish natijasida eni 100-160 metrga etdi. Ko’ldagi suv hajmi qariyb 4 marta kamaydi.