AYTIMTOV TOG’I

AYTIMTOV TOG’I – Markaziy Qizilqumdagi Bo’kantov tog’larining Janubiy davomi. Sharqda Ko’kpatos tog’lari, Janubda Mingbuloq botig’iga tutash. Eng baland nuqtasi 498 metr (Chalcharatov cho’qqisi). Ayimtov tog’i Janubiy-g’arbdan shimoliy- sharqqa yo’nalgan. Uzunligi 30-35 kilometr. Aytimtov tog’i juda serqirra, ba’zan nayzasimon cho’qqilar hosil qilgan. Yon bag’irlari quruq soylar bilan parchalangan. Tog’ etagidagi keng prolyuvial shleyflar asosan dag’al jinslar (shag’al, mayda tosh va yirik qum) dan iborat. Janubiy-Sharqiy yon bag’irlaridan Mingbuloq botig’iga tomon yo’nalgan quruq soylarda erta bahorda va jala yoqqanda vaqtincha suv oqadi. Aytimtov tog’ining Markaziy qismi yuqori karbonning granitlaridan, yon bag’irlarining quyi qismi o’rta karbonning kremniy, kvarsit, qumtosh, alevrolit, ohaktosh, dolomit va effuziv jinslaridan (900 metr) tashkil topgan (Ko’kpatos svitasi). Aytimtov tog’i etaklaridagi prolyuvial shleyf tagida yuqori bo’rning dengiz yotqiziqlari mavjud. Aytimtov tog’i quyi paleozoy (quyi silo’rning Landover asri) da quruqlikka aylangan. Quyi va o’rta karbon davridagm tersin burmalanishida quruqlik maydoni kengayib o’rtacha balandlikdagi tog’lar tarkib topgan. Alp burmalanishigacha Aytimtov tog’ida denudasiya (yuvilish) yuz bergan. Neogen davridagi yangi burmalanishlar ta’sirida gersin burmalanishida hosil bo’lgan tog’lar ancha yosharib ko’tarilgan. Aytimtov tog’i yon bag’irlarida kam gipsli bo’z qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Asosan boyalich va oqjusan o’sadi. Tub jinslarning yuzasi ochilib qolganligi, dag’al elyuviy hamda prolyuviy jinslarining mavjudligi tufayli tuproq kam, o’simlik ham siyrak. Aytimtov tog’idan yaylov sifatida foydalaniladi.