AYTISHUV
AYTISHUV — folklor janri. Turkiy xalqlar og’zaki ijodida Aytishuv badihago’y xalq shoirlari, baxshi, jirov, oqin, xalfa va laparchilarning o’ziga xos musobaqasi, mushaira yo’li va ular iste’dodini belgilovchi o’ziga xos sinov hisoblanadi. Bundan tashqari, biror epik mazmundagi folklor asarlari tarkibida ham uchraydi. Xususan, «Go’rug’li» turkum dostonlari, «Oshiq g’arib va Shohsanam», «Bozirgon va Go’rug’li» singari dostonlar qahramonlari faoliyatini yana ham yorqin namoyon etishda, ularning she’riy iste’dodi, quvvayi hofizasi qay darajadaligini ko’rsatishda Aytishuvlardan foydalanilgan. Aytishuv janri 19 – asrda keng tarqalgan bo’lib, xalq baxshilari, oqinlari, jirovlari xalq oldida badiha yo’li bilan belgilangan mavzu doirasida o’zaro ijodiy musobaqa qilishgan. Unda tanlangan mavzudan chiqib ketmaslik, an’anaga rioya etishlik, badiiy mahorat darajasi, tinglovchilarga mos kuylashlik kabi mezonlar hisobga olingan. Aytishuv faqat xalq baxshilari, shoirlari, jirovlari, oqinlari o’rtasidagi ijodiy musobaqa bo’lib qolmay, o’z navbatida, xalq milliy marosim va an’analarida yigitlar bilan qizlarning yoki ikki guruhning o’zaro sezgirlik, zukkolik va hozirjavoblik ko’rigi sifatida ham mashhurdir. Aytishuvning yozib olingan namunalari o’zbek folklori arxivlarida ham mavjud.